1

Tojikiston Rossiyadan COVIDga qarshi vaksina xarid qiladi

Dunyo 14.08.2020, 21:54
Tojikiston Rossiyadan COVIDga qarshi vaksina xarid qiladi

Tojikiston Sog`liqni saqlash va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi Rossiya bilan koronavirusga qarshi vaksina sotib olish bo`yicha muzokaralarni boshladi.

Tojikiston Sog`liqni saqlash va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi Rossiya Sog`liqni saqlash vazirligi bilan COVID-19 koronavirusiga qarshi vaksina sotib olish bo`yicha muzokaralar olib bormoqda, deb xabar berdi SSV matbuot markaziga tayanib Sputnik.

Tojikistondan tashqari vaksina xarid qilish uchun navbatda yana 26ta davlat turibdi.

Davlat sanitar-epidemiologik nazorati xizmati rahbari o`rinbosari Navro`z Jafarovning so`zlariga ko`ra, xarid bo`yicha muzokaralar oldinroq imzolangan hamkorlik to`g`risidagi bitimlar doirasida barcha, shu jumladan diplomatik kanallar bo`yicha olib borilmoqda.

"Tojikiston va Rossiya Federasiyasi o`rtasida sog`liqni saqlash sohasida bitim mavjud. Bizga yordam ko`rsatilishi yoki shu vaksinani sotishlariga umid qilamiz", - deb aytgan Jafarov.

U shuningdek, bu qanchalik tez sodir bo`lishi hozircha noma`lumligini, chunki Rossiyada ishlab chiqarilayotgan vaksina hajmi ommaviy savdoga chiqarish uchun etarli emasligini tushuntirdi.

Shu bilan birga, Sog`liqni saqlash vazirligida ishchi guruh tashkil etilgan bo`lib, u Tojikiston uchun zarur bo`lgan vaksina miqdorini hisob-kitob qilmoqda.

"Hisob-kitoblarda odamlarning ma`lum miqdori COVID-19 bilan bemorlanishi va ularda antitanachalar hosil bo`lishi tufayli, emlanishga zarurat qolmasligi inobatga olinadi. Antitanachalar ikki yilga yaqin muddat insonni muhofaza qiladi", - deydi Navruz Jafarov.

Vaksinani birinchi navbatda, qandli diabet, nafas olish tizimi kasalliklariga chalingan bemorlar, tibbiyot xodimlari va chegara muhofazasi bilan shug`ullanadigan insonlar oladi.

Eslatib o`tamiz, rossiyaning COVID-19 koronavirusiga qarshi vaksinasi 2020 yilning 11 avgust kuni ro`yxatdan o`tkazilgan edi. Tez orada u ommaviy ishlab chiqarishga qo`yiladi, oktyabr oyida esa Rossiyadagi xatar toifasiga kiradigan fuqarolar vaksinasiyasi boshlanishi rejalashtirilgan.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1