Fuqarolarni aldagan yana bir xususiy bandlik agentligiga nisbatan tergov harakatlari olib borilmoqda. Bu haqda IIV huzuridagi Tergov departamenti xabar bermoqda.
2018 yilning dekabr oyidan 2019 yilning dekabr oyiga qadar bo`lgan vaqt oralig`ida fuqaro M.O., tanishi O.Z., bilan bir guruhga birlashib, ijara olingan Samarqand shahri Beruniy ko`chasidagi 32A uyda “Consort xususiy bandlik agentligi” MChJning ofisini tashkil qilib, o`zgalarning mulkini firibgarlik yo`li bilan egallash maqsadida, xorijda ishlash istagini bildirgan fuqarolarga Yaponiya, Germaniya va boshqa xorijiy davlatlariga ishga yuborishni va`da qilishib, 100 yaqin fuqarolardan jami 786.948.000 so`m pullarni qo`lga kiritishgan.
Holat yuzasidan Samarqand viloyati IIV huzuridagi Tergov boshqarmasi tomonidan “Consort xususiy bandlik agentligi” MChJ direktori M.O. va boshqalarga nisbatan O`zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi “b” bandi (firibgarlik) bilan jinoyat ishi qo`zg`atilgan.
Jinoyat ishi doirasida jami 95 nafar fuqarolar ariza bilan murojaat qilgan bo`lib, shulardan 84 nafar fuqaro so`roq qilinib, jabrlanuvchi deb e`tirof etilgan bo`lsa, qolgan 11 nafar fuqarolarimiz respublikamizning turli viloyatlarida yashab kelayotganligi sababli ular bilan bog`liq tergov harakatlarini o`zlarining yashash hududi bo`yicha o`tkazish choralari ko`rilmoqda.
Dastlabki tergov davomida jinoyat ishi bo`yicha fuqarolarga etkazilgan moddiy zararning 366 mln. so`m qoplangan.
Jinoyat ishi bo`yicha tergov harakatlari davom ettirilmoqda.