Bugun, 15 avgust kuni poytaxtimizda O`zbekiston Bosh vaziri o`rinbosari, Sog`liqni saqlash vaziri vazifasini bajaruvchi Behzod Musaev ishtirokida Xitoydan taklif etilgan virusolog, epidemiolog, xirurg, pulmonolog, ftiziatr, nevrolog kabi mutaxassislardan iborat tibbiy guruh vakillari bilan muloqot bo`lib o`tdi, deya xabar berdi SSV matbuot xizmati.
Muloqot davomida og`ir ahvoldagi bemorlarga konsultasiyalar berish, Toshkent vrachlar malakasini oshirish instituti bilan hamkorlikda xitoylik mutaxassislar va mahalliy shifokorlar o`rtasida to`g`ridan to`g`ri va onlayn konferensiyalar o`tkazish, shuningdek, yurtimizda o`zbek-xitoy tibbiyot markazini tashkil etish kabi masalalar kelishib olindi.
Rejaga ko`ra, mutaxassislar guruhi sentyabr oyiga qadar mamlakatimizda bo`lib, koronavirusga chalingan bemorlarni davolash bo`yicha tajribalarini mahalliy shifokorlar bilan o`rtoqlashadi.
Shuningdek, tashrif doirasida xitoylik shifokorlar Sog`liqni saqlash vazirligi huzuridagi Koronavirusga qarshi kurash shtabi a`zolari bilan muloqot o`tkazadi, yurtimizdagi koronavirusga ixtisoslashgan shifoxonalar, saralash va taqsimlash markazlarining ishi bilan tanishib, amaliy tavsiyalar berishadi.
Avvalroq koronavirusga qarshi kurashishda yordam berish uchun bir guruh rossiyalik mutaxassislar O`zbekistonga kelishi haqida ma`lum qilingandi. Vazirlik aniqlik kiritishicha, Rossiyaning nufuzli tibbiyot muassasalarida faoliyat olib borayotgan anesteziolog-reanimatolog, terapevt, pulmonolog, xirurg, infeksionist, kardiolog, nevrolog, tez tibbiy yordam shifokori, pediatr va bolalar jarrohi kabi 40 nafar mutaxassisdan iborat nufuzli tibbiy guruh tashrifi ertaga, 16 avgust kuni bo`lishi kutilmoqda.
Ular poytaxtimiz va kasallik darajasi yuqori bo`lgan viloyatlarda bo`lib, bir oy davomida koronavirusga qarshi kurashda yurtimiz shifokorlari bilan hamkorlikda faoliyat ko`rsatishadi.
Ta`kidlash kerak, yurtimizda “COVID-19” infeksiyasiga qarshi kurashishda xalqaro hamkorlikni kengaytirish, bu boradagi jahon tajribasini amaliyotga tatbiq qilish maqsadida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev topshirig`i bilan turli davlatlarda faoliyat yuritayotgan tajribali shifokorlar yurtimizga taklif etib kelinmoqda.
Shu kunga qadar Xitoy, Rossiya, AQSh, Germaniya, Koreya Respublikasi, Turkiya kabi qator davlatlarning nufuzli mutaxassislari O`zbekistonda koronavirusga chalingan bemorlarni davolash jarayonlarida qatnashib, o`z tavsiyalarini berishdi.






