Joriy yilda Chiroqchi tumani va Andijon shahrida ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan sodir etilgan noxush holatlar mamlakatimiz ichki ishlar organlari imijiga juda qattiq zarba bo`ldi. Xodimlar tomonidan fuqarolarning huquqlarini buzish, ularga tazyiq o`tkazishning oldini olishga qaratilgan qanday choralar ko`rildi?
Ichki ishlar vaziri Po`lat Bobojonov O`z AAga bergan intervyusida ushbu savolga quyidagicha javob berdi:
"Joriy yil 30 mayda Andijon shahrida, yanvar oyida Qashqadaryo viloyatining Chiroqchi tumanida ichki ishlar xodimlari tomonidan sodir etilgan jinoyatlar kechirib bo`lmas holatdir. Bu tizim sha`niga katta dog` tushirdi.
Ularning xatti-harakati – xalqning keng muhokamasiga, ichki ishlar organlariga nisbatan salbiy fikrlar shakllanishiga va tizimda halol ishlayotgan minglab xodimlar mehnatini puchga chiqarishga sabab bo`ldi.
Barchaning e`tiborini shunga qaratmoqchimanki, agar ichki ishlar bo`limiga olib kelingan shaxsga nisbatan jarohat etkazilganligi aniqlansa, bu favqulodda hodisa sifatida baholanadi. Zudlik bilan ishchi guruh tuzilib, voqeaning barcha tafsilotlari o`rganiladi.
Ilgari bunday salbiy holatlar ommaviy axborot vositalari tomonidan keng yoritilmasdi, aholi xabardor etilmasdi va bu bizning faoliyatimizga xolis baho berishga qaysidir ma`noda to`sqinlik qilardi.
Ichki ishlar organlari xodimlari orasida, afsuski, o`zinikini to`g`ri, deb bilib, noto`g`ri yo`ldan borayotgan, o`z manfaatlarini xalq manfaatlaridan ustun qo`yadigan, adashgan xodimlar ham uchramoqda. Bundaylarni aniqlab, tizimdan bo`shatyapmiz, ularning rahbarlariga nisbatan intizomiy choralar ko`ryapmiz.
Xususan, joriy yilda bevosita vazirlikning o`z xavfsizligi xizmati xodimlari tashabbusi bilan fuqarolarni noqonuniy ushlab, zo`ravonlik qilish bilan bog`liq 5 holat aniqlanib, ularga nisbatan qonuniy chora ko`rish uchun materiallar prokuratura idoralariga yuborildi.
Joriy yilning o`tgan davrida Ichki ishlar vaziri, vazir o`rinbosarlari, vazirlikning sohaviy xizmatlari rahbarlarining har biri joylarda ikki-uch marta eng quyi bo`g`inda xizmat qilayotgan safdor xodimlargacha bo`lgan darajadagi shaxsiy tarkib bilan tarbiyaviy-profilaktik yig`ilishlar o`tkazdi.
Tadbirlarning yakuni bo`yicha xizmat intizomini buzuvchi 822 nafar xodimning xatti-harakatlari mehnat jamoalari va xodimlarning oila a`zolari va ota-onalari ishtirokida ko`rib chiqildi. Natijada 173 nafari tizimdan bo`shatildi, 114 nafari egallab turgan lavozimidan ozod etildi, 65 nafar rahbarlar rotasiya qilinib, boshqa lavozimlarga o`tkazildi.
Shu bilan bir qatorda o`zining kundalik xizmat faoliyati davomida boshqarlarga namuna bo`lib kelayotgan xodimlarning ota-onalariga minnatdorchilik bildirilib, tashakkurnomalar e`lon qilindi.
Fuqarolarning haq-huquqlari poymol qilinishiga yo`l qo`ymaslik maqsadida barcha ichki ishlar organlarida jami 473 ta alohida maxsus xona tashkil etildi. Hozirda ularning barchasi uzluksiz ishlaydigan video va ovoz yozish moslamalari bilan ta`minlangan.
Endilikda ichki ishlar organlariga olib kelingan har bir fuqaro bilan faqat shu xonada suhbat o`tkazilishi va so`roq qilinishi hamda ushbu jarayon videokameralarga uzluksiz yozib olinishi qat`iy belgilab qo`yildi. Bu ishlar uchun joylardagi ichki ishlar organining birinchi rahbari va tergov bo`limi boshlig`i shaxsan mas`ul etib belgilanib, jarayon qattiq nazoratga olindi.
Bugungi kunda amaliyotda uchrayotgan muammolar hamda xorijiy davlatlarning ilg`or tajribalarini o`rganish natijasida, tergov sifatini oshirish maqsadida yosh tergovchilarni kamida ikki oy davomida sud amaliyotini o`tash tartibi joriy etilmoqda.
Natijada tergovchi sud muhokamasida yuzaga kelayotgan muammoli vaziyatlarni o`z ko`zi bilan ko`rib, kelgusida tergovni har tomonlama, to`la va xolisona olib borishda e`tiborga olishi lozim bo`lgan barcha jihatlarga alohida e`tibor qaratadi. Muhimi, mazkur amaliyot prosess ishtirokchilarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini to`liq ta`minlash uchun zamin yaratadi."






