O`zbekiston Respublikasi ta`lim muassasalariga o`qishga qabul qilish bo`yicha Davlat komissiyasi majlisining shu yil 11 avgustdagi 2-bayoniga asosan, tizimida kollej va texnikumlar bo`lgan vazirlik va idoralar bilan birgalikda, koronavirus infeksiyasi bilan bog`liq pandemiya sharoitini hisobga olgan holda, abiturientlarga qulaylik yaratish maqsadida 2020/2021 o`quv yili uchun kollejlar va texnikumlarga 2020 yil 25 avgustdan 25 sentyabrga qadar (25 sentyabr kuni ham) abiturientlarning hujjatlari onlayn qabul qilinadi.
Jumladan, Sog`liqni saqlash vazirligi tizimidagi 28 ta tibbiyot kollejlari hamda 47 ta Abu Ali ibn Sino nomidagi Jamoat salomatligi texnikumlariga qabul jarayoni ham boshlanadi.Bu haqda SSV xabar qilmoqda.
Shu o`rinda ta`kidlash joizki, tibbiyot kollejlarida kasblarning murakkabligi va ushbu ta`lim bitiruvchilari inson salomatligiga ma`sulligi va aholining tibbiy madaniyat va salomatlik ko`rsatkichlarini oshirishi borasida faoliyat yuritishlarini inobatga olib, to`liq umumiy o`rta ma`lumotga ega bo`lgan shaxslar 2 yil muddatga kunduzgi ta`lim shaklida, texnikumlarda esa to`liq umumiy o`rta ma`lumotga ega bo`lgan shaxslar 3 yil muddatga kunduzgi ta`lim shaklida soha bo`yicha oliy ta`lim dasturlari bilan integrasiyalashgan reja va dasturlar asosida ta`lim olishlari belgilangan.
Abiturientlar va ularning ota-onalarini qiziqtirgan savollariga javob berish uchun Oliy va o`rta maxsus ta`lim vazirligi va Kasbiy ta`limni rivojlantirish va muvofiqlashtirish hududiy boshqarmalari haftaning dushanba-shanba kunlari soat 9:00-18:00 gacha ishlaydigan murojaatlar markazi (Call-markaz) ham joriy yil 20 avgustdan o`z faoliyatini boshlashi ko`zda tutilgan.
Kollej va texnikumlarga onlayn qabul jarayoni bilan bog`liq yangiliklar haqida yana qo`shimcha ma`lumotlarni berib boramiz, deyiladi xabarda.






