Qo`shni Tojikiston bolalari bugundan qadrdon maktablariga yo`l olishdi. O`quvchilar dars xonasida niqob taqib o`tirishibdi. Har bir parta ustiga antiseptik qo`yilgan. “Asia-Plus” nashriga tayanib O`zA bergan xabarga ko`ra, Tojikistonda yangi o`quv yili shunday boshlandi.
Ha, bizga yon qo`shni ushbu davlatda navbatdagi o`quv yili odatdagidan ikki hafta erta – 17 avgustdan boshlandi. Bu yil qonun-qoidalar ham o`zgacharoq: o`quvchilar uchun dars paytida niqob taqib o`tirish va vaqti-vaqti bilan antiseptikdan foydalanish majburiy. Yo`laklarda, maktab hovlisida har qadamda oraliq masofani saqlash lozimligi qayd etilgan eslatmalarni uchratasiz: bolalar bir-biridan kamida bir yarim metr uzoqda bo`lishlari shart.
Tojikistonda maktab o`quvchilari pandemiya tufayli aprel oyida majburiy ta`tilga chiqarib yuborilgan edi. Mamlakatdagi vaziyat barqarorlashgani munosabati bilan, Ta`lim vazirligi ikki hafta oldinroq navbatdagi o`quv yilini boshlashga qaror qildi.
Vazirlik maktablarda koronavirus bilan bog`liq barcha profilaktika choralariga rioya qilinishiga va`da bergan.






