Oxirgi vaqtlarda ayrim ommaviy axborot vositalari tomonidan aybsizlik prezumpsiyasiga rioya qilmaslik holatlari uchramoqda. Turli nizoli vaziyatlarni hali sud yakuni tugamasdan turib ommaga e`lon qilish, jamoatchilik o`rtasida muhokamaga olib chiqish va hali sudda isbotlanmagan hodisalarni ommaviy axborot vositalarida tarqatish orqali jamoatchilikda asossiz ravishda salbiy kayfiyatni paydo qilish holatlari uchramoqda. Bu esa fuqarolarning konstitusion huquqlari buzilishiga olib kelmoqda.
Shu o`rinda ta`kidlash kerakki, OAV tarqatadigan axborot aybsizlik prezumpsiyasi prinsipini buzishi bilan bir qatorda qaysidir tizimning obro`si pasayishiga olib kelishi mumkin.
Xo`sh, O`zbekiston qonunchiligida bu haqida nima deyilgan? Aybsizlik prezumpsiyasiga amal qilinmoqdami?
Jahon tajribasida deyarli barcha mamlakatlar qonunchiligida aybsizlik prezumpsiyasi (aybdorning jinoyati qonuniy tartibda isbot qilinmaguncha, u aybsiz hisoblanadi va aybsizligini isbotlab berishi shart emas) mavjud.
Aybsizlik prezumpsiyasi umumhuquqiy norma bo`lib, unga amal qilish jinoyat prosessining barcha bosqichlarida ustuvor hisoblanadi.
Konsititusiyamizning 26-moddasida jinoyat sodir etganlikda ayblanayotgan har bir shaxsning ishi sudda qonuniy tartibda, oshkora ko`rib chiqilib, aybi aniqlanmaguncha u aybdor hisoblanmaydi. Sudda ayblanayotgan shaxsga o`zini himoya qilish uchun barcha sharoitlar ta`minlab berilishi ko`rsatilgan.
O`zbekiston Respublikasi JPKning 23-moddasida aybdorlikka oid barcha shubhalar, basharti ularni bartaraf etish imkoniyatlari tugagan bo`lsa, gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchining foydasiga hal qilinishi lozim. Qonun qo`llanilayotganda kelib chiqadigan shubhalar ham gumon qilinuvchining, ayblanuvchining, sudlanuvchining foydasiga hal qilinishi kerakligi belgilangan.
Mantiqan olib qaralganda, jinoyatning zaruriy belgisi sifatida shaxsning aybi isbotlanishi bilan jinoyat (jinoiy holat emas) sodir etilganligi e`tirof etiladi. Bu esa sud hukmi bilan tasdiqlanadi. Demak, sud hukmi qonuniy kuchga kirmasdan turib shaxsni hozirdanoq “poraxo`r”, “firibgar” “o`g`ri” “zo`ravon” va boshqa iboralar bilan sifatlash, atash va uni aybdor shaxs sifatida internet va boshqa ijtimoiy tarmoqlarda talqin qilish noto`g`ri hisoblanadi. Bu Konstitusiya tamoyillariga tamomila ziddir.
Ba`zi holatlarda sud tomonidan shaxsning harakat yo harakatsizligiga huquqiy baho berilmay turib tegishli qonun ustuvorligini ta`minlashga ma`sul bo`lgan organlar tegishli saytlarda ham shaxsning qaysidir jinoyatda ayblanayotganligini va uning shaxsiga oid ma`lumotlar ko`rsatilib xabar sarlavahalarini ham joylashtirish holatlari uchramoqda.
Vaholanki, ma`sul surishtiruv va tergov xodimlari ish yurituvidagi jinoyat ishi bo`yicha tergov siri hisoblangan jinoiy hodisa faktlarining ommaviy axborot vositalarida yoritilishi shaxsning aybsizlik prezumpsiyasinng buzilishiga hamda qaysidir tizim vakilining harakatlari tufayli ma`lum sohaning obro`siga putur etkazilishiga olib keladi.
Misol tariqasida, shaxs qaysidir jinoyatni qilganlikda xuddiki aybdor sifatida jamoatchilik o`rtasida, masalan, ijtimoiy tarmoqlarda muhokama qilindi. Biroq ertaga sudda shaxsning aybi isbotlanmay, u oqlansa-chi? Shaxsning keyingi taqdiri nima bo`ladi? Ma`lum bir tizim yoki sohaning obro`si nima bo`ladi? Oqibatda sudlanuvchi shaxsning sharmanda bo`lgani qoladi, sha`ni, qadr-qimmati kamsitiladi. Shaxs ishlayotgan tizimning obro`yini tushirib, uning nufuzini pasaytirib, xalqning o`sha tashkilotga nisbatan salbiy fikrlarining paydo bo`lishiga olib keladi.
Shuningdek, shaxsning go`yoki jinoyat sodir qilganlikdagi harakatlari internet va ijtimoiy tarmoqlarda keng jamoatchilik o`rtasida muhokama qilinishi kelgusida tergov organining ishni tergov qilishda yoki sudda ishni ko`rishda mustaqil sudyada o`sha shaxsga nisbatan barvaqt salbiy xulosa shakllanishiga turtki bo`lishi mumkin. Bu esa mustaqil sudning fikriga qaysidir ma`noda ta`sir qilishga olib keladi.
Ba`zi hollarda ijtimoiy tarmoqlarda jamoatchilik ishtirokidagi keng muhokamalar ishni yuritayotgan tergov organiga ham ta`sir qilib, qonuniy qaror qabul qilishda chalg`ish holatlari ham uchramoqda va bu shaxsning aybsizlik prezumpsiyasiga zid ravishda shaxs taqdiriga bevosita ta`sir qilmoqda.
Shubhasiz, jurnalistlar va ommaviy axborot vositalari o`zlari chop etayotgan axborotlarning to`g`riligi hamda ularni bayon etish shaklining odob doirasida bo`lishi uchun javobgardirlar. O`zbekiston Respublikasining “Jurnalistlik faoliyatini himoya qilish to`g`risida”gi qonunida jurnalistning aybsizlik prezumpsiyasiga amal qilishi, shaxsning huquqlari va erkinliklarini, sha`ni va qadr-qimmatini hurmat qilishi shartligi ko`rsatilgan.
OAVda tarqatilgan axborot haqiqatan ham shaxsning sha`ni, qadr-qimmati va obro`siga qilingan tajovuzlardan, shaxsiy hayotiga aralashishdan himoyalanish huquqini buzishi mumkin.
Xulosa o`rnida aytadigan bo`lsak, qonun ustuvor bo`lgan davlatda, huquqiy demokratik jamiyatda so`nggi so`zni hamisha sud aytadi. Sud so`nggi so`zini aytguncha, shaxsning aybdor yoki aybsiz ekanligini muhokama qilmasdan, aybsizlik prezumpsiyasiga amal qilaylik.
Otabek Toshev, Adliya vazirligi huzuridagi Huquqiy siyosat tadqiqot instituti ma`sul xodimi






