AsosiyJamiyat

Akademik Muhabbat Abidova vafot etdi. Prezident hamdardlik bildirdi

'Akademik Muhabbat Abidova vafot etdi. Prezident hamdardlik bildirdi'ning rasmi

O`zbekiston ilm-fani og`ir judolikka uchradi. Kimyo-texnologiya sohasidagi taniqli olim, O`zbekiston Fanlar akademiyasining akademigi Muhabbat Abidova 2020 yil 17 avgust kuni 89 yoshida vafot etdi. O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoev hamda Senat raisi T.Narbaeva, quyi palata spikeri N.Ismoilov, Bosh vazir A.Aripov hamdardlik bildirishdi.

M. Abidova 1931 yil 10 oktyabrda Toshkent shahrida tug`ildi. 1954 yili O`rta Osiyo politexnika instituti (hozirgi Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti)ni tugatib, O`zbekiston Fanlar akademiyasi Kimyo instituti (hozirgi Umumiy va noorganik kimyo instituti) aspiranturasida tahsil oldi. 1958 yili nomzodlik, 1975 yili doktorlik dissertasiyasini muvaffaqiyatli himoya qildi. Ilm-fan sohasidagi ko`p yillik xizmatlari uchun 2000 yilda O`zbekiston Fanlar akademiyasining haqiqiy a`zosi etib saylandi.

Iste`dodli olim 60 yildan ziyod ilmiy-pedagogik faoliyati davomida O`zbekiston Fanlar akademiyasi Kimyo instituti kichik ilmiy xodimi, katta ilmiy xodimi, Polimerlar kimyosi va fizikasi instituti katta ilmiy xodimi, O`rta Osiyo yoqilg`idan foydalanish instituti katta ilmiy xodimi, O`rta Osiyo neftni qayta ishlash sanoati ilmiy-tadqiqot instituti sektor rahbari, laboratoriya mudiri, O`zbekiston kimyo-farmasevtika ilmiy-tadqiqot instituti laboratoriya mudiri kabi lavozimlarda samarali mehnat qilib, mamlakatimizda ilm-fan sohalarini rivojlantirish, yuqori malakali ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlashga munosib hissa qo`shdi.

Zahmatkash olimning kimyoviy jarayonlar sohasining nazariy va amaliy masalalariga bag`ishlangan ilmiy maqolalari, patent va mualliflik guvohnomalari yurtimiz va xorijiy mamlakatlar olimlari va mutaxassislariga yaxshi ma`lum. Uning katalizatorlar tizimi va kimyoviy jarayonlarga oid bir qator ilmiy ishlanmalari sanoat tarmoqlarida samarali qo`llanib kelinmoqda. 

Jonkuyar ustoz sifatida ko`plab yoshlarga saboq bergan ilm-fan fidoyisining bevosita rahbarligida o`nlab fan nomzodlari va fan doktorlari tayyorlangan.

Akademik M.Abidovaning mamlakatimiz ilm-fanini rivojlantirish borasidagi xizmatlari davlatimiz tomonidan munosib taqdirlandi. U “Mehnat shuhrati” ordeni bilan mukofotlangan edi.

Taniqli olim, mehribon ustoz, kamtarin inson Muhabbat Abidovaning  xotirasi qalblarimizda hamisha saqlanib qoladi.

 

 

    Boshqa yangiliklar