AsosiyJamiyat

Maktablar yangi o`quv yiliga tayyormi? Vazir tanqidiy, tahliliy ruhda yig`ilish o`tkazdi

'Maktablar yangi o`quv yiliga tayyormi? Vazir tanqidiy, tahliliy ruhda yig`ilish o`tkazdi'ning rasmi

18 avgust kuni O`zbekiston Respublikasi Xalq ta`limi vaziri Sherzod Shermatov boshchiligida videoselektor yig`ilishi bo`lib o`tdi. Tanqidiy va tahliliy ruhda o`tgan yig`ilishda hududlarda maktablarning yangi o`quv yiliga tayyorgarlik holati ko`rib chiqildi. Bu haqda vazirlik Matbuot xizmati ma`lum qildi.

Yig`ilish avvalida pandemiya sharoitida kuzatuv kengashlari yig`ilishlari o`tkazilmagani sababli hududlarda qator direktor lavozimlari bo`sh qolayotganligi, ushbu masalani tez va sifatli hal qilinishi lozimligi, ta`limda yuqori natijalarga erishilishida munosib kadrlarni tanlash va tayinlash muhim ahamiyatga ega ekanligi ta`kidlandi.

Hududiy xalq ta`limi boshqarmalariga maktablarni boshlash bo`yicha 3 ta ssenariy ustida ish olib borilayotganligi, maktablar yangi o`quv yiliga sha`y holatga keltirilishi zarurligi, xususan, maktablarning toza ichimlik suvi bilan ta`minlanish masalasi bugungi pandemiya sharoitida juda muhimligi qayd etildi.

Maktablarni kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ko`rishi masalasi ham ko`rib chiqilib, barcha maktablarga oktyabr oyiga qadar mahalliy hokimliklar bilan birgalikda burjuyka pechlaridan voz kechish zarurligi va buning uchun barcha choralar ko`rilishi talabi qo`yildi. Bundan tashqari joylarda harob ahvolda bo`lgan maktab filiallari faoliyatini tugatib, ularni to`laqonli maktablarga aylantirish zarurligi ta`kidlandi.

Shuningdek yig`ilish davomida o`qituvchilar o`rtasida dars taqsimoti masalasiga ham alohida to`xtalib o`tildi. Xalq ta`limi vazirligi, Moliya vazirligi hamda Sog`liqni saqlash vazirliklarining qarori bilan tasdiqlangan Umumta`lim muassasalarida sinflarni komplektlash hamda tarifikasiya ro`yxatlarini shakllantirish tartibi to`g`risida nizom bo`yicha batafsil ma`lumot berildi. Maktablarda o`qituvchilarga dars soatlarni taqsimlashda ularning erishgan natijalari va kasbiy mahoratiga e`tibor qaratish lozimligi qayd etildi.

    Boshqa yangiliklar