OAVda “Qashqadaryoda tez yordam haydovchilari va hamshiralar rag`bat puli ololmayotganidan shikoyat qilib, viloyat hokimligi binosi oldida to`plandi” sarlavhali tanqidiy maqolachop etilgan. Ushbu maqolajagi holat yuzasidan Qashqadaryo viloyati sog`liqni saqlash boshqarmasi munosabat bildirdi.
"Viloyat sog`liqni saqlash boshqarmasi, shahar va tuman tibbiyot birlashmalariga bevosita, shuningdek, ijtimoiy tarmoqlar orqali ham tez tibbiy yordam xodimlariga to`langan rag`bat pullari borasidagi murojaatlar ko`paymoqda. Mazkur murojaatlar hamkor tashkilotlar vakillari bilan o`rganilib, mualliflariga qaror talablari bo`yicha zarur tushuntirishlar berilmoqda. Biroq, afsuski, olib borilgan yuqoridagi tadbirlarga qaramasdan tushunmovchiliklar hamon davom etmoqda.
Murojaat mualliflari va jurnalist ilgari ham mazkur murojaat bilan viloyat sog`liqni saqlash boshqarmasida bo`lishgan. Boshqarma mutasaddilari tomonidan ularga rag`bat borasidagi qaror talablari bo`yicha tushuntirishlar berilgan. Ammo ular bu tushuntirishlardan qanoatlanmay, viloyat hokimligiga murojaat qilishgan.
Ma`lumki, Vazirlar Mahkamasining shu yil 30 iyuldagi 458-son qarori bilan, koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashga jalb etilgan tez tibbiy yordam xodimlari (vrachlar, o`rta tibbiyot xodimlari va haydovchilar) Qurbon hayiti munosabati bilan bir martalik moddiy rag`batlantirilgan edi. Bu maqsadlar uchun davlat byudjetidan 100 milliard so`m va tadbirkor Alisher Usmonov tomonidan 100 milliard so`m (10 million AQSh dollari ekvivalentida) ajratilgan.
Qarorga muvofiq, respublikada koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashish, aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi va salomatligini saqlashga jalb qilingan tez tibbiy yordamning –
•vrach xodimlari – 5 million so`m;
•o`rta tibbiyot xodimlari (feldsherlar va sanitarlar) – 4 million so`m;
•haydovchilari – 3 million so`mdan bir martalik moddiy rag`batlantirilgan.
Ushbu rag`batlantirish to`lovlari faqat 2020 yil 1 iyungacha ishga qabul qilingan xodimlarga nisbatan tatbiq etilishi belgilangan.
Bir martalik rag`batlantirish adolat nuqtai nazardan to`g`ri bo`lsin deb, u stavkadan kelib chiqib berilgan.
Qarorda faqat vrachlar, o`rta tibbiy xodimlari (feldsherlar va sanitarlar) va haydovchilar bir martalik moddiy rag`batlantirilishi aniq belgilab qo`yilgan. Sababi, bu xodimlar javobgarligi yuqoriligi bilan birga, ular bevosita bemorlar bilan to`qnashadilar va kasallik yuqtirib olish xavfi mavjud. Shu omillar hisobga olingan.
Tez tibbiy yordam tizimida dispetcherlarning ham alohida o`rni bor, ularning mehnati qadrlanadi. Biroq qarorda dispetcherlarni rag`batlantirish ko`zda tutilmagan.
Yuqoridagi vaziyatda ham haydovchilar va feldsherlarga rag`bat puli qaror talablari asosida, stavkalaridan kelib chiqib berilgan. Dispetcherlarga esa qarorda belgilanmaganligi sababli to`lanmagan.
Viloyat hokimining o`rinbosari Rustam Yo`ldoshev va viloyat sog`liqni saqlash boshqarmasi mutasaddilari murojaat bilan chiqqan dispetcher, haydovchi va boshqa xodimlar bilan muloqot jarayonida ularga bu borada batafsil tushuncha berishdi",
- deyiladi Qashqadaryo viloyati sog`liqni saqlash boshqarmasi axborot xizmati xabarida.






