“O`zbekiston Respublikasi va Turkiya Respublikasi o`rtasida strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash va ko`p qirrali hamkorlikni kengaytirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi Hukumat qarori (494-son, 18.08.2020 y.) qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligi ma`lum qildi.
Qaror bilan O`zbekiston va Turkiya o`rtasidagi munosabatlarni sifat jihatdan yangi bosqichga olib chiqishni nazarda tutuvchi chora-tadbirlar dasturi tasdiqlandi hamda Turkiya bilan ko`p qirrali hamkorlikni kengaytirish bo`yicha muvofiqlashtiruvchi kengash tuzildi.
Muvofiqlashtiruvchi kengash, jumladan, chora-tadbirlar dasturining bajarilishini tahlil qiladi hamda undagi tadbirlar va loyihalarning ijrosida amaliy yordam ko`rsatadi.
Qarorga ko`ra, quyidagi yo`nalishlar bo`yicha Turkiya Hukumatining texnik ko`magi kengaytiriladi va etakchi turk ekspertlari jalb qilinadi:
- sog`liqni saqlash infratuzilmasi ob`ektlarini boshqarish sohasidagi salohiyatini oshirish;
- seysmologiya sohasidagi institusional va normativ-huquqiy bazani mustahkamlash, zamonaviy xalqaro standartlarni joriy etish;
- yo`llar va yo`l bo`yi infratuzilmasini qurish hamda ulardan samarali foydalanish sohasida xalqaro standartlarni joriy etishga ko`maklashish;
- “elektron hukumat” sohasida Turkiyaning eng yaxshi echimlari va texnologiyalarini joriy etish.
2020 yil yakuniga qadar Samarqand shahrida Turkiya Respublikasining Bosh konsulxonasi ochiladi.






