️Mamlakatimizda besh oydan oshiq vaqt davomida tibbiyot muassasasida qolib ishlayotgan tibbiyot xodimlari 14 kunlik “vaxta” usulida emas, balki kunbay kelib-ketish tizimiga o`tish bo`yicha o`z takliflarini bildirishmoqda, deb xabar bermoqda SSV axborot xizmati.
Rossiya, Turkiya, Germaniya, Xitoy, Koreya va boshqa rivojlangan mamlakatlar ekspertlari ham koronavirus infeksiyasiga chalingan bemorlarni davolashga mo`ljallangan, saralash va provizor shifoxonalari hamda koronavirus infeksiyasini aniqlash laboratoriyalari xodimlari ish rejimini, ularning sanitariya va gigiena qoidalariga qat`iy rioya qilgan holda kunbay kelib-ketish tizimiga o`tkazilishiga ijobiy munosabat bildirgan.
Yuqoridagi taklif va tavsiyalardan kelib chiqib, Respublika maxsus komissiyasining joriy yilning 17 avgustidagi tegishli yig`ilish bayoniga ko`ra, shu yilning 20 avgust sanasidan quyidagi tartib joriy etiladi:
- koronavirus infeksiyasi bilan kasallangan bemorlarni davolash ishlariga jalb qilingan hamda ushbu infeksiyani aniqlash laboratoriyasi xodimlari 14 kunlik “vaxta” usulidan, ularning sanitariya va gigiena qoidalariga qat`iy rioya qilgan holda kunbay kelib-ketish tizimiga o`tiladi;
- ish hajmidan kelib chiqib, 6 kunlik kunbay ishlash mumkinligi belgilangan holda har 30 kun uchun bir oylik ish faoliyati yakuni bo`yicha:
- shifokorlarga 25,0 mln. so`m;
- o`rta tibbiy xodimlarga 15,0 mln. so`m;
- kichik tibbiy xodimlarga 10,0 mln. so`m;
- boshqa xodimlarga 5,0 mln. so`m
- miqdorida maxsus rag`batlantirish to`lovlari (daromad solig`idan tashqari) to`lanishi belgilandi.
Kunlik qo`shimcha to`lovlardan tashqari, asosiy ish joyidagi oylik maoshi saqlab qolinishi hamda xodimlarning dam olish va bayram kunlaridagi ishlari uchun ularga belgilangan tartibda ikki hissa haq to`lanadi.






