AsosiyJamiyat

To`rtko`lda milisiya bo`limida komaga tushib, keyin vafot etgan yigit bo`yicha tafsilotlar ma`lum qilindi

'To`rtko`lda milisiya bo`limida komaga tushib, keyin vafot etgan yigit bo`yicha tafsilotlar ma`lum qilindi'ning rasmi

Sal avval To`tko`l tumani IIB bo`linmasida sodir bo`lgan voqea, ya`ni Tayanch punktiga olib ketilgan fuqaro sirli ravishda komaga tushib, vafot etgani haqida xabar bergan edik

Ushbu hodisa haqida rasmiy munosabat bildirildi

Bu izohda “ Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan "To`rtko`lda milisiya bo`limida komaga tushgan yigit vafot etdi” sarlavhali maqolada keltirilgan vajlar haqiqatga to`g`ri kelmasligi aytilgan. 

Jumladan shunday deyiladi: "Kuni kecha ijtimoiy tarmoqlarda “To`rtko`lda milisiya bo`limida komaga tushgan yigit vafot etdi” sarvlavha ostida tarqalgan maqolada keltirilgan vajlar haqiqatga umuman to`g`ri kelmasligi aniqlandi. Bu haqda Qoraqalpog`iston Respublikasi IIV axborot xizmati xabar berdi.  

 Joriy yilning 26 iyulida soat taxminan 16:30larda To`rtko`l tumani IIB navbatchilik qismiga To`rtko`l tumani “Yangiobod” mahalla fuqarolar yig`inidagi xonadonlardan birida janjal bo`layotgan xaqida xabar berilgan. Kelib tushgan xabarga ko`ra, hududiy profilaktika inspektori leytenant M.Djumaniyazov, sherigi profilaktika inspektori leytenant M.Jabbarbergenov bilan birga voqea joyiga etib borishgan. Shu erda yashovchi fuqaro S.I. mast holda oila tinchligini buzayotganligi, badanida tan jarohatlari borligi aniqlanib, bemorga tez tibbiy yordam ko`rsatish maqsadida tuman tibbiyot birlashmasiga olib borilgan va mutahassislar tomonidan tibbiy ko`rikdan o`tkazilgan.

Birlamchi tashxisga ko`ra fuqaro I.S. mastlik holatida ekanligi, ikkala oyog`ining pastki qismida tirnalgan, yuz qismida shilingan jarohatlari mavjudligi qayd etilgan. Shundan so`ng, holatni rasmiylashtirish maqsadida I.S., profilaktika inspektorining xizmat xonasiga olib kelinib, tegishli hujjatlar rasmiylashtirilayotgan vaqtda, fuqaro I.S. tobi qochganligini ma`lum qilgan.  

Tezkorlik bilan chaqirtirilgan tez tibbiy yordam xodimlari fuqaro I.S.ning qon bosimi yuqori bo`lganligi sababli, uning turmush o`rtog`i Ch.X.ning kuzatuvi ostida tibbiy muolaja ko`rsatish uchun tuman tibbiyot birlashmasiga olib ketilgan. Tibbiyot birlashmasi xodimlari tomonidan fuqaro I.S. tibbiy ko`rikdan o`tkazilib, shu kuni soat taxminan 18:30larda uyiga javob berilgan.

Ertasi kuni, ya`ni 27 iyul kuni ertalab fuqaro I.S. xushiga kelmaganligi sababli uning oila a`zolari tomonidan tuman tibbiyot birlashmasiga olib borilgan va holat haqida tuman ichki ishlar bo`limiga xabar berilgan.

2020 yilning 11 avgust kuni fuqaro I.S. tuman tibbiyot birlashmasi jonlantirish bo`limida tegishli muolajalarga qaramay koma holatidan o`ziga kelmasdan vafot etgan. Hozirda mazkur holat bo`yicha To`rtko`l tumani prokuraturasi tomonidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Shu o`rinda ijtimoiy tarmoq yurituvchi va foydalanuvchilaridan barcha kelib tushayotgan ma`lumotlarni haqqoniyligini tekshirib, so`ng jamoatchilikka etkazishini, yolg`on ma`lumotlarni tarqatmasliklarini so`rab qolamiz", deyiladi xabarda.

    Boshqa yangiliklar