AsosiyJamiyat

Alisher Qodirov 100-200 kishilik to`ylarni o`tkazish yo`llarini izlayotganlarga murojaat qildi

'Alisher Qodirov 100-200 kishilik to`ylarni o`tkazish yo`llarini izlayotganlarga murojaat qildi'ning rasmi

Xabaringiz bor, Maxsus komissiyaning qarori bilan 2020 yil 15 avgustdan O`zbekistonda karantin cheklovlarining yumshatilishi asnosida 30 kishidan iborat bo`lgan to`y va marakalarga ham ruxsat berildi. Biroq, ushbu engilikni suiste`mol qilib, fuqarolar tomonidan to`y-tadbirlarda odamlar sonini 100 va undan ortiq nafarga oshirish yoki bir necha kunlab tadbirlar qilish holati kuzatilmoqda. "Milliy tiklanish" partiyasi rahbari Alisher Qodirov karantin talablariga emas orzu-xavas hirsiga quloq solayotgan yurtdolarimizga murojaat qildi:

Saylovchilarning savollaridan ma`lum bo`lmoqdaki, odamlar 100-200 kishilik tadbirlarni o`tkazish yo`llarini izlashmoqda: “30 tadan 5 marta yig`sa nima bo`ladi?", “Alohida uylarda o`tadigan tadbirlarning hisobi birlashadimi?”, “Hovlimga 300 nafar odam sig`adi, xavfsizlikni ta`minlayman, ruxsat bo`ladimi?", “Mahalla raisi bilan nozirni ko`ndirib, imi-jimida o`tkazib olsak, kim e`tiroz qiladi?" va hokazo...

Uyingizga ko`p odamni jamlash davlatga emas, avvalo o`zingizga zarar:

Birinchidan, taklif etilganlarni sog`lom ekanligi, ya`ni virus tashuvchi emasliklariga kafolat berolmaysiz;

Ikkinchidan, agar virus sizning tadbiringizda tarqalsa, xastalarning davolanish xarajatlari zimmangizga yuklanadi;

Uchinchidan, ularning orasida katta ehtimol bilan oilangiz a`zolari ham bo`ladi;

To`rtinchidan, jarima to`laysiz;

Arziydimi?

Qolaversa, masala virusda ham emas! To`y nima o`zi? Ikki yosh insonning oila qurish qarorini elga eshittirish tadbiri. Bu maqsadga nikohni qayd etish va nikohni o`qish marosimlarida ishtirok etadigan har ikki tomonning vakil-guvohlari vositasida erishib bo`linadi. Dasturxon - ixtiyoriy, imkoniyatlar bilan bog`liq masaladir. Farzandlarini qo`llab-quvvatlamoqchi bo`lgan ota-onalar sovg`alarini, yosh oilaga madad bo`lmoqchi bo`lgan qondoshlar to`yonalarini hammaga ko`rsatmasdan, yoshlarga berishsa, bexarajat va foydaliroq bo`lmaydimi? Yoshlar yaxshigina sarmoya bilan, xotirjam katta hayotga qadam qo`yish imkoniyatiga ega bo`ladilar.  

Afsus, shu ixtiyoriy qism “orzu-havas"larning raqobat rituallari va ijaraga olingan obro`ni ko`z-ko`z qilish maydoniga aylanib, unda yosh oilaning murg`ak havaslari ko`pkariga tashlangan uloqchadek chilparchin bo`lib ketayapdi. Yosh oila kimo`zarchi ota-onalar “ko`magida” ochofat va yaltiroq isrofdan qarzga botib qolayapdi. Sohta va befoyda e`tirof ilinjida jamiyatning asosiy ustuni hisoblangan oilaning poydevori qumdan bo`lib qolayapdi va birinchi sinov shamolidayoq sochilib ketayapdi.  

Kim nima eksa shuni o`radi. O`zbek xalqi yuz yildan beri hech narsa o`rmayapdi. Ba`zi xalqlar allaqachon kelajak hisobini yakunlamoqdalar... hatto bizning o`rnimizga ham.  

To`y-ma`rakalardagi xo`jako`rsin raqobatdan bosh ko`tarib, tarbiya, ilm-ma`rifat, iqtisodiy taraqqiyot yo`lida harakat va raqobatga kech qolmayapmizmi?  

Yaponlarda juda qiziq bir xalq maqoli bor ekan: “Otalarning puliga to`y qilganlarning nabiralari gadoylik qiladilar”.

O`zbekistonni o`zgartirish uchun o`zimizni o`zgartirishimiz kerak", - o`z mulohazalarini yakunlagan deputat.

    Boshqa yangiliklar