Korrupsiyaga oid huquqbuzarlik haqida xabar bergan yoki korrupsiyaga qarshi kurashishda boshqa tarzda ko`maklashgan shaxslar rag`batlantiriladi. Bu haqda O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining tegishli qaror loyihasida qayd etilgan.
Hujjatda alohida qayd etilishicha, rag`batlantirish qonuniylik, adolatlilik, xolislik, oshkoralik, fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga rioya etish hamda ularning shaxsiy xavfsizligini ta`minlash va xohish-istaklarini hisobga olish prinsiplari asosida amalga oshiriladi.
Ta`kidlanishicha, qaror bilan tasdiqlanadigan Nizom talablari quyidagi shaxslarga nisbatan tatbiq etilmaydi:
mansabdor shaxslar, shu jumladan O`zbekiston Respublikasining “Tezkor-qidiruv faoliyati to`g`risida”gi Qonuniga muvofiq tezkor-qidiruv faoliyatini amalga oshiruvchi organlarga maxfiylik asosida ko`maklashuvchi shaxslar;
qonun hujjatlariga muvofiq korrupsiyaga oid jinoyatlar haqida o`ttiz sutka mobaynida o`z ixtiyori bilan arz qilgan yoki korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarni bevosita sodir etgan shaxslar.
Rag`batlantirish bir martalik pul mukofoti, tashakkurnoma yoki esdalik sovg`a shaklida belgilanadi.
Unga ko`ra, quyidagi asoslardan biri mavjud bo`lgan taqdirda pul mukofoti bilan rag`batlantiriladi:
fuqarolar yoki fuqaroligi bo`lmagan shaxslar tomonidan o`zlariga nisbatan pora talab qilgan shaxs haqida yoki o`zlariga ma`lum bo`lgan korrupsiyaga oid huquqbuzarlik haqida korrupsiyaga qarshi kurashuvchi organlarga bergan xabari asosida bunday huquqbuzarlik fosh etilishi;
nodavlat tijorat tashkilotining yoki boshqa nodavlat tashkilotining yoxud davlat organining, davlat ishtirokidagi tashkilotning yoki fuqarolar o`zini o`zi boshqarish organining xizmatchisi o`ziga nisbatan pora berishni taklif etgan yoki pora talab qilgan shaxs haqida yoxud o`ziga ma`lum bo`lgan korrupsiyaga oid huquqbuzarlik haqida korrupsiyaga qarshi kurashuvchi organlarga (korrupsiyaga qarshi kurashuvchi organlarning xodimlari esa bevosita o`z rahbariga) bergan xabari asosida huquqbuzarlik fosh etilishi;
korrupsiyaga oid jinoyatni sodir etganligi uchun qidiruvda bo`lgan shaxs to`g`risida huquqni muhofaza qiluvchi organlarga bergan xabar asosida qidiruvdagi shaxs ushlanishi, huquqni muhofaza qiluvchi organlarning xodimlari bundan mustasno.
Quyidagi miqdorda bir martalik pul mukofoti bilan rag`batlantiriladi:
a) korrupsiyaga oid ma`muriy huquqbuzarlik haqida berilgan xabar uchun ‒ bazaviy hisoblash miqdorining uch baravari;
b) pora summasi yoki etkazilgan zarar yoxud o`zlashtirilayotgan (o`zlashtirilgan) mulkning qiymati bazaviy hisoblash miqdorining o`ttiz baravarigacha bo`lsa, bazaviy hisoblashning quyidagi miqdorida:
ijtimoiy xavfi katta bo`lmagan jinoyat uchun ‒ besh baravar;
uncha og`ir bo`lmagan jinoyat uchun ‒ etti baravar;
og`ir jinoyat uchun ‒ o`n baravar;
o`ta og`ir jinoyat uchun ‒ o`n besh baravar;
v) pora summasi yoki etkazilgan zarar yoxud o`zlashtirilayotgan (o`zlashtirilgan) mulkning qiymati bazaviy hisoblash miqdorining o`ttiz baravaridan yuz baravarigacha bo`lsa, bazaviy hisoblashning quyidagi miqdorida:
ijtimoiy xavfi katta bo`lmagan jinoyat uchun ‒ o`n baravar;
uncha og`ir bo`lmagan jinoyat uchun ‒ o`n besh baravar;
og`ir jinoyat uchun ‒ yigirma baravar;
o`ta og`ir jinoyat uchun ‒ yigirma besh baravar;
g) pora summasi yoki etkazilgan zarar yoxud o`zlashtirilayotgan (o`zlashtirilgan) mulkning qiymati bazaviy hisoblash miqdorining yuz baravaridan ko`p bo`lsa, quyidagi foiz hisobida hisoblanadi:
ancha miqdor uchun ‒ o`n besh foizi;
ko`p yoki juda ko`p miqdor uchun ‒ o`n foizi.
Bunda, pora summasi yoki etkazilgan zarar yoxud o`zlashtirilayotgan (o`zlashtirilgan) mulkning qiymatini foizlarda hisoblashda qonunchilikda belgilangan miqdorning eng kam miqdoridan kelib chiqiladi.
d) qidiruvda bo`lgan shaxsning yashiringan joyi haqida xabar berganligi uchun bazaviy hisoblash miqdorining besh baravari, ikki nafar qidiruvda bo`lgan shaxslarning yashiringan joyi haqida xabar berganligi uchun esa ‒ etti baravari miqdorida.
Korrupsiyaga oid jinoyatlarni tergov qilish va uni fosh etishda ahamiyatga ega bo`lgan dalillar haqida huquqni muhofaza qiluvchi organlarga xabar berganlik yoki bunday toifadagi jinoyatlarni tergov qilish yoxud tezkor-qidiruv tadbirlarini o`tkazishda bevosita ko`maklashganlik uchun tashakkurnoma yoki esdalik sovg`a shaklida rag`batlantirish tarzida taqdirlanadi, huquqni muhofaza qiluvchi organlarning xodimlari bundan mustasno.
Bir martalik pul mukofoti tegishli moliyaviy hujjatlarga o`zgartirish kiritilgandan so`ng o`n ish kuni mobaynida shaxslarning shaxsiy hisob raqamiga o`tkazib beriladi.






