“Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to`g`risida”gi Qonunning yangi tahrirdagi loyihasi www.parliament.gov.uz saytiga jamoatchilik muhokamasi uchun joylashtirildi. Bu haqda Adliya vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo`limi xabar bermoqda.
Qonun loyihasi O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 22 iyundagi Farmoni ijrosini ta`minlash maqsadida Adliya vazirligi tomonidan manfaatdor vazirlik va idoralari bilan birgalikda ishlab chiqildi.
Loyihada har bir shaxsning Inson huquqlari umumjahon deklarasiyasi, Fuqarolik va siyosiy huquqlar to`g`risidagi xalqaro pakt hamda O`zbekiston Respublikasi Konstitusiyasi bilan kafolatlangan vijdon erkinligi va diniy e`tiqod huquqini ta`minlashga oid munosabatlar tartibga solingan.
Loyihada quyidagi asosiy yangiliklar nazarda tutilgan:
qonunosti hujjatlari bilan tartibga solingan munosabatlar to`g`ridan-to`g`ri amal qiluvchi yagona qonunga birlashtirildi;
vijdon erkinligini ta`minlash sohasida davlat siyosatining asosiy yo`nalishlari va prinsiplari o`rnatildi;
sohada vakolatli bo`lgan davlat organlarining vazifa va funksiyalari chegarasi aniq belgilab berildi;
diniy tashkilotlarni davlat ro`yxatidan o`tkazish tartib-taomillari engillashtirildi, xususan, taqdim etiladigan hujjatlar soni qisqartirildi, ularni notarial va boshqa ko`rinishlarda tasdiqlashga oid talablar bekor bo`ldi, davlat xizmatlarito`liq elektron ko`rinishda amalga oshirilishi joriy etildi, ro`yxatdan o`tkazishni rad etish asoslari aniq belgilandi.
Quyidagi tartiblarlarning bekor bo`layotganligi mamlakatimizda vijdon erkinligini ta`minlashga jiddiy qadam qo`yilganligidan dalolat beradi:
diniy tashkilotni tuzishda mahalla fuqarolar yig`inlari roziligini olish tartibi bekor bo`lmoqda;
diniy tashkilotni tuzish tashabbuskorlarining soni 100 nafardan
50 nafarga qisqartirilmoqda;
diniy ta`lim mussasalarida diniy ta`lim beruvchi shaxslarga markaziy boshqaruv organining roziligini olish talabi bekor bo`lmoqda;
diniy tashkilotni ro`yxatdan o`tkazish uchun taqdim etilgan hujjatlarni ko`rib chiqishning 3 oylik muddati 1 oy etib belgilanmoqda;
diniy tashkilotning ro`yxatdan o`tkazilganligi to`g`risidagi guvohnoma va ustavidan dublikat olish tartibi bekor bo`lmoqda.
Loyiha bilan o`rnatilayotgan qoidalar O`zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari talablariga to`liq mos keladi.
Loyihani ishlab chiqish jarayonida xalqaro huquq normalari, rivojlangan xorijiy davlatlarning sohaga oid tajibalari o`rganildi, tahlil qilindi va ulardan foydalanildi. Xorijiy ekspertlarning fikrlari inobatga olindi.
Ushbu loyiha muhokamasida ekspertlar, mutaxassislar va barcha fuqarolar o`zlarining takliflari bilan qatnashishi mumkin.