Hisob palatasi tomonidan ijtimoiy sohaning muhim bo`g`inlaridan biri, Maktabgacha ta`limi vazirligi tizimidagi tashkilotlarni 2018-2019 yillardagi byudjet va byudjetdan tashqari mablag`lardan foydalanish samaradorligi hamda 2020 yilgi xarajatlarini maqbullashtirish imkoniyatlari yuzasidan vazirlikning Ichki audit va moliyaviy nazorat xizmati bilan hamkorlikda o`rganish o`tkazildi.
O`rganish natijasida Maktabgacha ta`limi vazirligi tizimi tashkilotlari tomonidan jami 48,3 mlrd.so`mlik moliyaviy xato va kamchiliklarga yo`l qo`yilganligi ma`lum bo`ldi.
Jumladan, tizimda xizmat ko`rsatuvchi xodimlarning oylik ish haqisi uchun ajratilgan mablag`larning 7,2 mlrd. so`mi quyi bo`g`inlardagi ayrim mansabdorlar tomonidan yo`l qo`yilgan noqonuniy o`zlashtirish, ortiqcha to`lovlar va o`g`irlik natijasida talon-taroj qilingan.
Soxta taomnomalar tuzib, haqiqatda sarflanmagan oziq-ovqat mahsulotlarini xarajatga chiqarish va kamomadlarga yo`l qo`yish orqali 3,6 mlrd.so`mlik mablag` noqonuniy o`zlashtirilgan.
Saryog` sifatida 2,2 mlrd.so`mlik iste`molga yaroqsiz «SPRED» (o`simlik moyi va sut yog`ining aralashmasi) va yog`lilik darajasi me`yordan past bo`lgan «sariyog`» mahsulotlari, 10,1 mlrd.so`mlik veterinariya nazoratidan o`tkazilmagan 309,4 tonna go`sht mahsulotlari xarid qilinib, tarbiyalanuvchilarni ovqatlanishi uchun sarflangan.
Tarbiyalanuvchilar sonini yashirish, ota-onalar to`lovlarini kassaga kirim qilmaslik orqali 497,7 mln.so`m mablag`lar noqonuniy o`zlashtirilgan.
Xaridlarning raqobatga asoslangan usullarini chetlab o`tib, «Davlat xaridlari to`g`risida»gi qonun talablariga zid ravishda 253 ta holatda 11,3 mlrd.so`mlik shartnomalar tuzilgan.
Bundan tashqari, xarid qoidalarini buzgan holda qimmat narxlarda hamda standartga javob bermaydigan 8,8 mlrd.so`mlik tovar-moddiy boyliklar xarid qilingan.
Tizimda amalga oshirilgan o`rganish natijasi bo`yicha aniqlangan holatlarni bartaraf etish va ularni kelgusida takrorlamaslik yuzasidan Hisob palatasi tomonidan 26 ta yo`nalish bo`yicha 75 ta takliflar ishlab chiqildi, tizim tashkilotlariga tegishli ko`rsatmalar berildi.
Ushbu takliflar asosida Maktabgacha ta`lim vazirligi tomonidan tegishli vazirlik va idoralar bilan birgalikda yo`l xaritasi ishlab chiqilishi belgilandi.
Amaldagi 16 ta me`yoriy-huquqiy hujjatlarga o`zgartirishlar kiritish, moliyaviy va uslubiy yo`nalishlarni o`zida mujassamlaydigan axborot tizimini takomillashtirish bo`yicha takliflar berildi.






