Hozirda Belarussiyada prezidentlik saylovlari tufayli tartibsizliklar yuz berayotganidan xabaringiz bor. Belarus xalqi o`zining 26 yillik etakchisi Aleksandr Lukashenkoning hukumatdan ketishini xohlamoqda. Bu haqda tarjumon.uz xabar berdi.
Lukashenkoning asosiy raqibi bo`lgan Svetlana Tixanovskaya saylovlardan keyin oilasi xavfsizligini o`ylab Belarussiyani tark etgan.
Lekin, Tixanovskaya Litvadan turib videomurojaatlar yo`llab, xalqni hukumatga qarshi namoyishlarni davom ettirishga undamoqda. Sobiq ingliz tili o`qituvchisi Tixanovskaya o`zi yo`llagan murojaatlaridan birida Belarussiyani boshqarishga tayyorligini ham ma`lum qilgan.
Tixanovskaya o`zining 19 avgustda qilgan videomurojaatida Evropa Ittifoqidan Belarussiya xalqining tanlovini hurmat qilishni va bo`lib o`tgan saylovlar natijasini tan olmaslikni so`radi. Uning so`zlariga ko`ra, Lukashenko bu saylovlarda g`irromlik bilan g`alaba qozongan. Lekin,Lukashenko bu da`volarni rad etgan va o`zining haqiqatda 80 foiz ovoz olganini ta`kidlagan.
Hozirgacha dunyoning bir qator mamlakatlari Belarussiyadagi prezidentlik saylovlari natijasini tan olmagan. Ular qatorida AQSh ham bor.
Ma`lumot uchun, Aleksandr Lukashenko bir necha kun avval xalq oldida qilgan nutqida qayta saylovlar o`tkazilmasligini ta`kidlagan. U konstitusiyaga o`zgarishlar kiritish bo`yicha referendum o`tkazilganidan keyingina hukumatni tark etishi mumkinligini aytgan.






