AsosiyJamiyat

Buxoroda matematikaga ixtisoslashtirilgan to`rtta maktab ochiladi

'Buxoroda matematikaga ixtisoslashtirilgan to`rtta maktab ochiladi'ning rasmi

Buxoro viloyati xalq ta`limi tizimida 2020 yilda 4 ta hududda matematika faniga ixtisoslashtirilgan maktabi tashkil etilishi ko`zda tutilgan. Bu haqda Xalq ta`limi vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Yangi o`quv yilidan Kogon shahridagi 17- va Jondor tumanidagi 49-ixtisoslashtirilgan davlat umumta`lim maktabi hamda Olot tumanidagi 31- va Peshku tumanidagi 31-umumiy o`rta ta`lim maktablari negizida matematika fanini chuqurlashtirib o`qitishga ixtisoslashtirilgan maktablar faoliyat boshlaydi.

Ushbu maktablar tuman va shahar hokimlari tomonidan otaliqqa olingan bo`lib, ayni paytda ularni yangi o`quv yiliga tayyorlash, moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, malakali kadrlar bilan ta`minlash borasida qizg`in ish olib borilyapti.

Ayni paytda Jondor tumanidagi 49-ixtisoslashtirilgan davlat umumta`lim maktabi negizida tashkil etilayotgan matematika fanini chuqurlashtirib o`qitishga ixtisoslashtirilgan maktabda mukammal ta`mirlash ishlari yakunlanish arafasida. Endilikda ilm maskani tamoman zamonaviy ko`rinish va qulay shart-sharoitlarga ega bo`ladi. Keng va shinam sinf xonalari, fan kabinetlari hamda laboratoriya xonalari barcha zaruriy jihozlar bilan ta`minlanadi.

Yangi o`quv yilida mazkur ilm maskanida matematikaga ixtisoslashtirilgan 2 ta sinfda 60 nafar o`quvchi qabul qilinishi rejalashtirilgan. Hujjatlarni qabul qilish jarayonlari boshlangan.

-Axborot texnologiyalarini rivojlantirish boshqarmasi bilan kelishilgan holda maktabda IT-park filiali ham joylashtiriladigan bo`ldi, -deydi ilm maskani direktori Vali Sulaymonov. – Buning uchun uchta xona ajratilib, jihozlash ishlari olib borilmoqda. IT-parkda optik tolali kabellar tortilib, yuqori tezlikdagi internet tarmog`i bilan ishlash imkoniyatining yaratiladi.

O`tgan o`quv yilidan Olot iqtisodiyot kolleji binosida faoliyat yuritayotgan 17-umumta`lim maktabi negizida tashkil etilgan matematikaga ixtisoslashtirilgan maktab to`liq ta`mirlangan va moddiy texnik bazasi shakllantirilgan.

Yangi o`quv yilida maktab matematikaga ixtisoslashtirilgan 1 ta sinfda 30 nafar o`quvchi qabul qilishni rejalashtirgan. Shu kunga qadar hujjat topshirgan o`quvchilar soni 65 nafarni tashkil etadi. Ixtisoslashtirilgan sinfga o`quvchilar test sinovlari asosida qabul qilinadilar.
 

    Boshqa yangiliklar