Xabaringiz bor so`nggi kunlarda ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda mamlakatimizda ishlab chiqarilayotgan avtomobil narxlari bo`yicha Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlarining tashabbusi va Monopoliyaga qarshi kurashish qo`mitasining qarori keng muhokama qilinayapti. So`nggi vaziyatga ko`ra, komissiya tomonidan mashinalar narxlarini tushirish bo`yicha berilgan ko`rsatmaga javoban "UzAuto Motors” AJ ayni paytda avtomobillarning narxlarini tushirish imkonsiz ekanligini ma`lum qildi. Shundan so`ng muhokamalar va munosabatlar yanada qizg`in tus olib bormoqda. Qator deputatlar uchun ushbu vaziyat kun mavzusida turibdi. Xususan, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Nodir JUMAEV bu borada o`z mulohazalarini bayon qildi:
"Aytish mumkinki, mazkur voqelik so`nggi yillarda amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida mamlakatimizda qonun ustuvorligi va fuqarolarning huquqlarini ta`minlash yo`lidagi katta qadamlardan biri bo`ldi.
Dunyo amaliyotidan ma`lumki, bugungi integrasiya va globallashuv jarayonida kuchli raqobat muhitida ish olib borish iqtisodiy rivojlanishning eng muhim omili hisoblanadi. Chunki, raqobat iste`molchilarga sifatli va maqbul narxlarda xaridni amalga oshirish imkoniyatini bersa, ishlab chiqaruvchilar yoki xizmat ko`rsatuvchilarga xarajatlarni minimallashtirish, faol marketing va kadrlar siyosati olib borishga turtki beradi. O`z faoliyatini ilm-fan yutuqlaridan samarali foydalanishga o`rgatadi. Shundan kelib chiqib aytish mumkinki, monopol korxonalar, umuman olganda ishlab chiqaruvchilar va xizmat ko`rsatuvchilar o`z faoliyatini iste`molchilar talabiga moslashtirishga alohida e`tibor qaratishi davr talabi hisoblanadi.
Bu talabni "UzAuto Motors” anglab etayaptimi, monopolist korxona ana shu raqobat muhiti sharoitida bozor qonunlarini va ist`emolchilarni qachon hurmat qilishga o`rganadi. Ular o`z qobiqlaridan chiqib atrofga qarashsa, yangi O`zbekiston barpo etilayotganini his qilgan, barcha sohalarda shaffoflik, faoliyatga yangicha yondashuv ta`minlanayotganiga guvoh bo`lar edilar.
Ularning e`lon qilayotgan rasmiy bayonotlariga e`tibor qaratsangiz, bozor iqtisodiyotiga qat`iy o`tish jarayonida prinsipial masala sifatida qaralayotgan raqobat haqida tushuncha ham yo`qligini ko`rasiz. Joriy yilning may oyida o`tkazilgan yig`ilishda davlatimiz rahbari tomonidan qat`iy pozisiya belgilab berildi. Mazkur yig`ilishda Prezident: “Raqobat bo`lmasa, sifat bo`lmaydi, narx tushmaydi. Zamon o`zgaryapti, lekin monopol korxonalar o`zgara olmayapti. Qat`iy choralar ko`rish vaqti-soati keldi. Iqtisodiyotda bu hayot-mamotimiz. Agar rahbarlar shunga munosib bo`lsa, ishlaydi, bo`lmasa – ketadi”, deya ta`kidlagan edi.
Savol tug`iladi: "UzAuto Motors” tizimida bugungi kun talablarini, islohotlarni anglab etadigan mutaxassislar bormi, strategiyachi? Agar bu so`ralganlar bo`lganda bugungidek tortushuvlar, o`zini oqlashlar bo`lmasmidi.
Aslida "UzAuto Motors” haqida gap ketganda sog`lom raqobat muhitida ishlashga chorlovchi, iste`molchilar manfaatini hurmat qilishga undovchi sharoitni vujudga keltirish to`g`risida gapirish o`rinli bo`lar edi. Quvonarlisi, mamlakatimizda yaratilgan investisiyaviy muhit sababli avtomobillar ishlab chiqarishni tashkil etish, etakchi xorijiy kompaniyalar bilan investisiyalarni jalb etish bo`yicha muzokaralar natijasida qator muhim kelishuvlarga erishildi. O`ylaymizki, bu jarayon davom etayotgan murosasiz bahslarga ijobiy echim bo`ladi. Shuningdek, 2020 yil 3 iyundagi "Tashqi iqtisodiy faoliyatni yanada tartibga solish va avtotransport vositalarining ichki bozorini rivojlantirishni rag`batlantirishga doir chora-tadbirlar to`g`risida"gi O`zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori avtomobilsozlik sanoatida raqobat sharoitlarini yaratish borasidagi ishlarga dasturilamal bo`lib xizmat qiladi.
Bugun biz shuni tushunib etishimiz kerakki, har qanday harakatlarimiz xalq roziligi va fuqarolar manfaatlaridan ustun bo`lishi mumkin emas", - deya munosabatini yakunlagan deputat.






