AsosiyJamiyat

Ichki ishlar vazirligi shov-shuvlarga sabab bo`layotgan miting va namoyishlar to`g`risidagi qonun loyihasi bo`yicha bayonot berdi

'Ichki ishlar vazirligi shov-shuvlarga sabab bo`layotgan miting va namoyishlar to`g`risidagi qonun loyihasi bo`yicha bayonot berdi'ning rasmi

O`zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan O`zbekiston Respublikasining “Miting, yig`ilish va namoyishlar to`g`risida”gi qonuni loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo`yilgandan so`ng, ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilarining, ushbu qonunni qabul qilish zarurati Belorusiyada o`tkazilayotgan ommaviy norozilik namoyishlaridan so`ng vujudga kelganligi to`g`risida turli noo`rin fikrlari shakllanib bormoqda. Ushbu holatni inobatga olib Ichki ishlar vazirligi rasmiy bayonot bilan chiqdi:

"Eslatib o`tish joizki, mamlakatimizning amaldagi qonunchiligida yig`ilish, miting va namoyishlar tushunchalari, ularni tashkil etish va o`tkazish tartibini belgilovchi normativ-huquqiy hujjat mavjud emas. Mazkur huquqiy bo`shliq hanuzgacha, O`zbekiston Respublikasi Konstitusiyasining 33-moddasida ko`rsatilgan qoidalarni to`liq ro`yobga chiqarishga imkon bermasdan kelmoqda.

Shuningdek, Evropa xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti qoshidagi Demokratik institutlar va inson huquqlari bo`yicha byurosining 2019 yil 22 dekabrda mamlakatimizda o`tkazilgan parlament saylovlari bo`yicha yakuniy hisobotidagi kamchilik sifatida ham respublikamizda fuqarolarning ijtimoiy faolliklarini tartibga soluvchi birorta normativ-huquqiy hujjat mavjud emasligi ko`rsatilgan edi.

Shunga asosan, vazirlik tomonidan mazkur yo`nalishdagi xalqaro (RF, AQSh, Germaniya, Fransiya, Estoniya, Ozarbayjon, Turkmaniston, Tojikiston Qirg`iziston, Qozog`iston) tajribani chuqur o`rgangan holda yuqorida ko`rsatilgan qonun loyihasi ishlab chiqilgan. 

Mazkur qonunni qabul qilishdan asosiy maqsad, fuqarolarning o`z ijtimoiy faolliklarini miting, yig`ilish va namoyishlar ko`rinishida amalga oshirishga qaratilgan konstitusiyaviy huquqlarini ro`yobga chiqarish, shuningdek ularning ushbu sohadagi huquqiy savodxonligini oshirishdan iborat", - deyiladi rasmiy bayonotda.

    Boshqa yangiliklar