AsosiyJamiyat

Ozodbek Nazarbekov xarob ahvolga kelib qolgan muzeyning ta`mirlash ishlari bilan tanishdi

'Ozodbek Nazarbekov xarob ahvolga kelib qolgan muzeyning ta`mirlash ishlari bilan tanishdi'ning rasmi

O`zbekiston Respublikasi madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov Toshkent viloyati hokimi o`rinbosari Akmal Umaraliev hamrohligida Oqqo`rg`on tumanidagi madaniy-ma`rifiy maskanlar faoliyati va ayni kundagi holatini ko`zdan kechirdi. Bu haqda vazirlikning Matbuot xizmati xabar berdi.

Hududdagi xarob ahvolga kelib qolgan «Tarix va o`lkashunoslik» muzeyida ayni paytda jadal ta`mirlash ishlari olib borilmoqda. Ta`mirdan so`ng muzey zamonaviy ko`rinishga ega bo`lishi kutilmoqda. Suhbat davomida Madaniyat vaziri ushbu madaniy maskan kengaytirilib, uni nafaqat tuman, balki viloyatning «Tarix va o`lkashunoslik» muzeyiga aylantirish bo`yicha taklifini berdi.

Madaniyat markazi binosida avval tuman madaniyat bo`limi qoshida ochilgan Madaniyat uyi faoliyat olib borgan. Prezidentimizning tegishli qaroriga ko`ra, mazkur markazni ta`mirlashga kirishilgan, ayni paytga kelib qurilish ishlari deyarli bitkazilgan. Markazning ta`mirlash jarayonidagi muammolar o`rganilib, ularni hal qilish bo`yicha topshiriqlar berildi.

Shundan so`ng vazir boshchiligidagi viloyat mutasaddilari tuman markazida qaytadan bunyod etilgan Yoshlar bog`ida bo`lib, u erda yoshlarning madaniy hordiq chiqarishlari uchun yaratilgan sharoit bilan tanishdi. Hududda faoliyat yuritayotgan «Shamalak» sayilgohi mehmonlar e`tiboridan chetda bo`lmadi. O`rganishlar davomida Ozodbek Nazarbekov tuman mutasaddilariga o`z taklif va mulohazalarini bildirdi.

Oqqo`rg`on tumanidagi bu kabi bunyodkorlik ishlari, albatta, aholi farovonligi, kelajak avlod kamoloti uchun xizmat qiladi.

 

    Boshqa yangiliklar