AsosiyJamiyat

Naqd valyuta mablag`larini olib kirish va olib chiqishning yangi qoidalari belgilandi

'Naqd valyuta mablag`larini olib kirish va olib chiqishning yangi qoidalari belgilandi'ning rasmi

Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 10 avgustdagi 472-sonli qarori bilan “Jismoniy shaxslar tomonidan O`zbekiston Respublikasi naqd valyutasi va naqd chet el valyutasini O`zbekiston Respublikasining bojxona chegarasi orqali olib kirish va olib chiqib ketish qoidalari” tasdiqlandi.

Mazkur Qoidalarga ko`ra quyidagilar belgilandi:

Jismoniy shaxslar tomonidan olib kirilayotgan va olib chiqib ketilayotgan 70 mln so`m ekvivalentidan ortiq miqdordagi naqd valyuta mablag`lari (O`zbekiston Respublikasining naqd valyutasi va naqd chet el valyutasi) yo`lovchi bojxona deklarasiyasini to`ldirish va bojxona organi xodimiga taqdim etish yo`li bilan bojxona nazoratidan o`tkaziladi. Yo`lovchi bojxona deklarasiyasida olib kirilayotgan yoki olib chiqib ketilayotgan mablag`larning jami summasi ko`rsatiladi. Jismoniy shaxsning xohishiga ko`ra ekvivalenti 70 mln so`mga teng yoki undan oshmaydigan miqdordagi naqd valyuta mablag`lari ham deklarasiya qilinishi mumkin.

Naqd valyuta mablag`larini olib kirish

Jismoniy shaxslar O`zbekiston Respublikasi hududiga bojxona nazorati qoidalariga rioya qilgan holda, naqd valyuta mablag`larini cheklanmagan miqdorda olib kirishlari mumkin.

Naqd valyuta mablag`larini olib chiqib ketish

Jismoniy shaxslar ekvivalenti 100 mln so`mga teng yoki undan oshmaydigan miqdordagi naqd valyuta mablag`larini O`zbekiston Respublikasidan tashqariga bojxona nazorati qoidalariga rioya etilgan holda cheklovlarsiz olib chiqishlari mumkin.

Faqat quyidagi shaxslar ko`rsatilgan summadan ortiq miqdordagi naqd valyuta mablag`larini respublika tashqarisiga olib chiqib ketishlari mumkin:

  • rezidentlar – xorijiy davlatlarga xizmat safariga ketayotgan Hukumat delegasiyasi a`zolari uchun Vazirlar Mahkamasining farmoyishi asosida;
  • norezidentlar – respublikaga kirish chog`ida rasmiylashtirilgan yo`lovchi bojxona deklarasiyasi asosida deklarasiya qilingan mablag`lar doirasida, shuningdek respublikada belgilangan tartibda tashkil qilingan xalqaro musobaqalar (tanlovlar, olimpiadalar) sovrindorlari yoki qatnashchilari tomonidan mablag`larning qonuniyligini tasdiqlovchi hujjatlar asosida.

 Ushbu qoidalar diplomatik daxlsizlikka ega bo`lgan shaxslarga nisbatan tatbiq etilmaydi.

Shu o`rinda eslatib o`tish kerakki, O`zbekiston Respublikasi bojxona chegarasi orqali olib o`tilayotgan naqd valyuta mablag`larining haqqoniy va to`g`ri deklarasiyalanishi uchun har bir jismoniy shaxs javobgardir.

Mazkur tartiblar 2020 yil 1 sentyabrdan kuchga kiradi.

    Boshqa yangiliklar