AsosiyJamiyat

Qonun hujjatlarini tartibga solish ta`sirini baholash: muammo va echimlar

'Qonun hujjatlarini tartibga solish ta`sirini baholash:  muammo va echimlar'ning rasmi

So`nggi yillarda respublikamizda amalga oshirilayotgan shiddatli islohotlar natijasida qonun hujjatlari takomillashtirilib, ko`plab yangi qonun hujjatlari qabul qilinmoqda. Natijada barcha sohalarda ijobiy o`zgarishlar amalga oshirilmoqda.

Biroq qonun hujjatlarini qabul qilish yoki o`zgartirish – bu hali islohotlarning hammasi emas. Qabul qilinayotgan qonun hujjatlarini amalda samarali qo`llanilishi, ortiqcha ma`muriy-tartib taomillarni qisqartirishi va xalq manfaatlariga mos bo`lishi ham katta ahamiyatga ega. 

Qonun hujjatlari real ishlashi uchun esa ular avval boshdanoq har tomonlama puxta o`ylab, turli tahlillar va baholashlar, muhokamalar va asoslantirishlardan so`ng qabul qilinishi lozim. Aks holda ushbu hujjatlarni tez orada o`zgartirish, bekor qilish yoki yangidan qabul qilish ehtiyojini yuzaga keltirishi mumkin. Bu esa islohotlar samarasini va kelajagini “katta so`roq ostida” qoldiruvchi yopiq doirani hosil qiladi.

Nima qilmoq kerak?

Ma`muriy tartib-taomillarni ilg`or milliy va xorijiy tajriba asosida muntazam takomillashtirib borish, asossiz cheklovlar, ortiqcha 
va eskirgan tartibga solish mexanizmlaridan voz kechish lozim.

Buning uchun, avvalo, hujjatlarni ishlab chiqishning dastlabki bosqichidayoq ularning ta`sirini baholash va jamoatchilik muhokamasidan o`tkazishning samarali mexanizmlarini joriy etishning ahamiyati katta. Ya`ni “ishlab chiqilayotgan qonun hujjatiqanchalik muhim, undan qanday natijalar kutilmoqda va hujjat mazkur kutilayotgan samarali natijalarga erishish imkonini beradimi” degan muhim savollarga hali u qabul qilinmasdan turib, aniq javoblar bo`lishi shart. Bir so`z bilan aytganda, suvni ko`rmay, etikni echmaslik kerak. 

Navbatdagi muhim masala, bu qonun hujjatlari qabul qilingandan so`ng 2-3 yilda amaliyotda uning ishlashi, kutilgan natijaga olib kelishi, bo`shliqlari kabi muhim me`zon va ko`rsatkichlar bo`yicha tahlil qilinib, baholanishi hamda baholash natijalari keng jamoatchilikka e`lon qilinishi kerak.

Bu bizga nima beradi?

Qonun hujjatlarini tartibga solish ta`sirini baholash, shuningdek, jamoatchilik muhokamasidan o`tkazish, eng avvalo, qabul qilinayotgan hujjatning xalqchil bo`lishiga, keng ommaning fikr-mulohazalari bilan boyitilishiga olib keladi.

Shuningdek, bu jarayonda loyihani amalga oshirish davomida yuzaga kelishi mumkin bo`lgan ijobiy va salbiy natijalar baholanadi. Asosiysi, ortiqcha ma`muriy tartib-taomillar, byurokratik to`siqlar, samarasiz tartibga solish jarayonlarining oldi olinadi.

Qonun hujjatlarini qabul qilishning dastlabki bosqichida va qabul qilinganidan so`ng uning ta`sirini baholab borish har bir qonun hujjatining samaradorligini va natijadorligini ta`minlaydi. 

Jamoatchilik muhokamasini o`tkazilishi va uning natijalari bo`yicha vakolatli organlar tomonidan keng ommaga axborot berilishi,ularning fikrlari inobatga olingan-olinmaganligining tushuntirilishiaholining keyingi qabul qilinayotgan qonunchilik jarayoniga faol ishtirok etishini ta`minlaydi hamda qonun ustuvorligiga bo`lgan ishonchini oshiradi.

Xulosa qilib aytganda, tartibga solish ta`sirining to`g`ri baholanishi inson va fuqarolarning konstitusiyaviy huquqlarini ta`minlashga, ortiqcha tartibga solish va byurokratiyani bartaraf etishga, tegishli munosabatlarni adolatli tartibga solishga, qonun ijodkorligi hamda davlat boshqaruvining samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.

Mazkur huquqiy bo`shliqlarning echimi sifatida quyidagi takliflarni amalga oshirish muhim hisoblanadi:

1. Yangi qabul qilinayotgan qonun hujjatlarini va qabul qilinganiga 
2-3 yil bo`lgan qonun hujjatlarini tartibga solish ta`sirini baholash mexanizmini joriy qilish.

2. Tartibga solish ta`sirini baholashni muvofiqlashtirish bo`yicha vakolatli organni hamdabaholashning aniq me`zonlarini belgilash.

3. Shaffoflikni ta`minlash maqsadida tartibga solish ta`sirini baholash bo`yicha “maxsus platforma” tashkil qilish, uning mobil versiyasini ishga tushirish.

4. Qonun hujjatlarini amaliyotda qo`llash turli qiyinchiliklarni keltirib chiqarmasligi uchun:

– dastlabki baholashniloyihani ishlab chiqish jarayoni bilan birga amalga oshirish (“ex-ante” usuli);

– loyiha qabul qilingandan so`ng 2-3 yilda uning ta`sirini baholash, baholash natijasi bo`yicha xulosa tuzib, jamoatchilikka OAV orqali yoki “maxsus platforma”da e`lon qilib borish (“ex-post” usuli).

Baholash natijalari bo`yicha tuzilgan xulosalarda qonun hujjatlarida belgilangan tartib-taomillar to`g`ri bajarilganligi, belgilangan maqsadlarga erishilganligi yoki yangi muammolar paydo bo`lganligi kabi holatlari aniq ko`rsatilishi kerak. 

Zaruratga ko`ra, xulosa natijasi bo`yicha qonun hujjatiga yoki uni amalga oshirish jarayoniga o`zgartirish kiritilishi mumkin.

5. Qonun hujjatlarini xalqchil bo`lishini ta`minlash maqsadida:

– loyiha bilan birga uni tartibga solish ta`sirini baholash hujjatini majburiy tartibda jamoatchilik muhokamasiga qo`yish;

– kelib tushgan barcha takliflar bo`yicha ularni qabul qilinganligi yoki qabul qilinmaganligi yuzasidan keng jamoatchilikka axborot berish;

– televidenieda “qonun hujjatlari loyihalari muhokamasi” ko`rsatuvini tashkil qilib, har bir qonun hujjati va uni baholash natijalari bo`yicha keng jamotchilikka axborot berib borish.

6. Loyihani Adliya vazirligiga huquqiy ekspertizadan o`tkazish uchun kiritilgunga qadar tartibga solish ta`sirini baholash va uning natijalari bo`yicha axborot berish, e`lon qilish jarayonini o`tkazish, aks holda loyiha huquqiy ekspertizadan o`tkazilmasdan rad qilinishini belgilash.

Mazkur huquqiy bo`shliqlarni bartaraf etish maqsadida Adliya vazirligi tomonidan tegishli normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari ishlab chiqilmoqda.

                                                                                                                                   Adliya vazirligining Ma`muriy tartib-                                                                                                         taomillarni takomillashtirish va monitoringini yuritish                                                                                                                                                                                                   boshqarmasi

    Boshqa yangiliklar