Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari Toshkent shahar Iqtisodiy jinoyatlarga kurashish departamenti bilan hamkorlikda noqonuniy oltin aylanmasining oldini olish maqsadida tezkor tadbir o`tkazdi.
Xususan, Toshkent shahridagi «Sharq» yo`l-patrul xizmati maskanida 1975 yil Andijon viloyatida tug`ilgan, muqaddam sudlangan A.Nuriddinov boshqaruvidagi «Kobalt» rusumli avtomashina to`xtatilib, tekshirilganda, avtomashina yukxonasida qora politilen paketlarga o`ralgan, jami miqdori 14 kg 238 gramm bo`lgan 16 dona oltin quymasi borligi aniqlandi.
Ma`lum bo`lishicha, Nuriddinov ushbu oltin quymalarini Toshkent viloyati Qibray tumanidagi uyida qonunga xilof ravishda qo`lbola usulda tayyorlagan bo`lib, keyinchalik ularni Andijon va Namangan viloyatlariga olib borib, sotishni rejalashtirgan.
Amaldagi qonunchilikka ko`ra, oltinni quyma shaklga va yuqori asillik darajasiga keltirib oldi-sotdi qilish taqiqlangan bo`lib, ushbu harakatlar uchun O`zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksida jinoiy javobgarlik nazarda tutilgan.
Hozirda mazkur holat bo`yicha tergovga qadar surishtiruv ishlari olib borilib, jinoyat ishi qo`zg`atish masalasi ko`rib chiqilmoqda. Shuningdek, ushbu oltin quymalarning kelib chiqish manbalarini aniqlash bo`yicha tegishli chora-tadbirlar ko`rilmoqda.






