AsosiyJamiyat

Ijtimoiy tarmoqlarda Payg`ambarlikni da`vo qilgan yana bir odamning video chiqish paydo bo`ldi

'Ijtimoiy tarmoqlarda Payg`ambarlikni da`vo qilgan yana bir odamning video chiqish paydo bo`ldi'ning rasmi

Ijtimoiy tarmoqlarda o`zini Malabek o`g`li Jamollidin, deb tanishtirgan shaxsning “Allohning vakili qilib yuborilgani, hamma uchun yagona din “Imon yo`li dasturi” dinini targ`ib qilish, bunga 35 yil tayyorgarlik ko`rgani, muayyan ibodatlar dasturi borligini” aljirab chiqqan videosi tarqaldi.

O`zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo hay`ati ushbu videoga o`z munosabatini bildirar ekan, bu kabi holat birinchisi va oxirgisi ham emas, ahyon-ahyonda uchrab turishi tabiiy hol ekanligini bildirdi. 

Bu borada Savbon roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi sharifda Nabiy sollallohu alayhi vassallam: “...Kelajakda ummatimda o`ttizta kazzob bo`lur. Ularning har biri o`zining nabiyligini da`vo qilur. Holbuki, men nabiylarning xotimi-tugatuvchisiman. Mendan keyin nabiy kelmas”, dedilar” (ImomTermiziyva Abu Dovudrivoyatlari).

“Kazzob” so`zi arabcha so`z bo`lib, “ko`p yolg`on gapiruvchi”, “o`ta ketgan yolg`onchi” ma`nolarini ifoda etadi. Demak, Nabiy alayhissalomdan keyin hech qanday payg`ambar yoki rasul chiqishi mumkin emas. Bordi-yu, kimdir payg`ambarlik yo rasullikni da`vo qilsa, u yolg`onchi deya inkor etiladi va unga qarshi chiqiladi.

Ma`lumki, Payg`ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam rasul (elchi) va nabiylarning so`nggisidirlar. Bu haqida Alloh taolo: “Muhammad sizlardan biron erkakning otasi bo`lgan emas. Lekin Allohning Rasuli va Nabiylarning so`nggisidir. Alloh har bir narsani o`ta bilguvchidir”, deya xitob qilgan (“Ahzob” surasi, 40-oyat).

Ushbu oyatga ko`ra, kimda-kim Muhammad sollallohu alayhi vasallamdan keyin yana payg`ambar yo rasul chiqadi deb aytsa, e`tiqod qilsa, kofir bo`ladi. Chunki u mazkur oyatni inkor qilgan va Muhammad sollallohu alayhi vasallamning eng so`nggi payg`ambar va rasul ekanini tan olmagan bo`ladi.

Imom Muslim va Imom Termiziy rivoyat qilingan hadisi sharif matnida Payg`ambar alayhissalomning “Men bilan nabiylar tugatildi”, degan so`zlarini eslab o`tish ham maqsadga muvofiq hisoblanadi.

Shu o`rinda, Musilmonlar idorasining munosabatida bloger hamda faol internet foydalanuvchilariga din masalasidagi har qanday noodatiy holatni ommaga ko`rsatish hamisha ham to`g`ri bo`lavermasligi ta`kidlangan. Chunki, bu odamlarning e`tiqodi bilan bog`liq masala hisoblanadi.

Shundan kelib chiqib, O`zbekiston musulmonlari idorasi bunday xatti-harakatni qat`iy qoralashini, ilmu ma`rifat rivojlangan bugungi davrda odamlarning vaqtlarini olib, bu kabi asossizlavhalarni tarqatish hech qanday mantiqqa to`g`ri kelmasligini hamda mo`min-musulmonlarimizdan bu kabi shaxslarning soxta da`volariga chalg`ib qolmasliklarini so`rab qolmoqda. 

 

    Boshqa yangiliklar