YPX xodimi avtotransport vositasini haydab kelayotgan yo`l harakati ishtirokchisini to`xtatganda nima sababdan to`xtatganini tushuntirishi shart ekanligi haqida avval ma`lum qilgan edik.
Xshsh, qanday holatlarda YPX xodimi avtotransportni to`xtatishi mumkin? Bu haqida Huquqiy axborot kanali ma`lumot berdi.
Yo`l-patrul xodimi tomonidan transport vositalari quyidagi asoslarga ko`ra to`xtatilishi mumkin:
yo`l harakati qoidalarining buzilishi vizual kuzatuvda aniqlanganda yoki maxsus moslama yordamida qayd qilinganda;
transport vositasi, haydovchi yoki yo`lovchi qidiruvda ekanligi, yo`l transport hodisasi yoki boshqa huquqbuzarlikka aloqador ekanligi to`g`risida ma`lumotlar mavjud bo`lganda;
yo`l transport hodisasi, huquqbuzarlik sodir etilganini ko`rgan haydovchi yoki yo`lovchidan hodisa tafsilotiga oydinlik kiritish zarurati yuzaga kelganda;
vakolatli davlat organlari yoki mansabdor shaxslarning harakatni cheklash yoki taqiqlash bo`yicha ko`rsatmalarini bajarish jarayonida;
transport vositasidan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda foydalanish zarurati yuzaga kelganda;
maxsus tadbirlarni o`tkazish jarayonida;
tansport foydalanish va boshqarish huquqini beruvchi, shuningdek, transport vositasi va olib ketilayotgan yuklarga oid hujjatlar mavjudligini tekshirish uchun.
YPX xodimi tomonidan boshqa asoslarga ko`ra transport vositalarining to`xtatilishi taqiqlanadi.






