AsosiyJamiyat

“Adolat” SDP fraksiyasi OTMda kontrakt va boshqalarda engillik beruvchi muhim takliflar bilan chiqdi

'“Adolat” SDP fraksiyasi OTMda kontrakt va boshqalarda engillik beruvchi muhim takliflar bilan chiqdi'ning rasmi

So`nggi yillarda O`zbekistonda barcha sohalar singari ta`lim tizimining barcha yo`nalishlarida tub o`zgarishlar sodir bo`lmoqda. Jumladan, oliy ta`limda ham aholining xohish istaklarini ro`yobga chiqarishga qaratilgan qator yangiliklar joriy etildi. Bu borada bakalavriat yo`nalishi bo`yicha talabalar qabul qilish jarayoni butunlay yangi tizim asosida, shaffof tarzda yo`lga qo`yilganligi, xorijiy davlatlarning nufuzli oliy ta`lim muassasalarining (OTM) filiallari tashkil etilgani, bir qator OTMni o`z – o`zini moliyalashtirish tizimiga o`tkazilishi kabi bir qator ijobiy o`zgarishlar amalga oshirildi. 

Talabalarga qulaylik yaratish uchun qisqa fursatda onlayn ta`lim tizimi yo`lga qo`yildi. Ko`p sonli talabalar va ularning ota-onalarining fikrlari inobatga olingan holda 2020-2021 o`quv yili uchun kunduzgi shaklda o`qiydigan barcha talabalarga 10 foiz chegirma berilganligi, aholining turli qatlamlariga e`tibor berilayotganini amaliy ifodasidir. 

O`zbekiston “Adolat” SDPdan saylangan deputatlar joylarda fuqarolar bilan o`tkazgan yuzma-yuz muloqotlarida aholi tomonidan islohotlar natijasi yuzasidan ijobiy fikrlar bildirilmoqda. Shu bilan birga muloqotlar jarayonida fuqarolar tomonidan bugungi kunda bir qator dolzarb bo`lib turgan masalalar ko`tarilmoqda. Ayniqsa, Respublikamizning olis tuman va shaharlarida istiqomat qiluvchi, hozirgi pandemiya sharoitida kundalik daromadi cheklangan fuqarolar tomonidan farzandlarining oliy ta`lim olishi bilan bog`liq muammolar qo`yilmoqda. Ushbu masalalar o`ta muhim bo`lganini hisobga olgan holda Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi “Adolat” SDP fraksiyasi Hukumatga quyidagi  takliflarni taqdim etdi. Bu haqda “Adolat” SDP Matbuot xizmati axborot berdi. Takliflar:

Birinchidan, birinchi mutaxassisiligi bo`yicha kunduzgi oliy ta`limda o`qigan va ikkinchi mutaxassislik bo`yicha sirtqi ta`limga hujjat topshirgan ayniqsa, pedagogika sohasi bo`yicha abiturientlar uchun imtixon va suhbatlar o`tkazmasdan, to`lov-kontrakt asosida qabul qilish tizimini yo`lga qo`yish. Ma`lumki, hozirgi kunda mamlakatimizda oliy ta`limga ega pedagogik kadrlar etishmasligi aniq, faqat o`rta maktab tizimida faoliyat olib borayotgan pedagoglarning 40 foizga yaqinini o`rta maxsus ma`lumotga egadir.

Ikkinchidan, pandemiyaning davriyligini inobatga olib hamda xorijiy tajribaga asoslangan holda barcha OTMlarda talabalar uchun oyma oy to`lov tizimini joriy etish hamda to`lovni muayyan muddatga kechiktirib to`lash imkoniyatini yaratish. 

Uchinchidan, maxsus sirtqi ta`limni nafaqat pedagogika yo`nalishida, balki barcha ta`lim yo`nalishlari uchun joriy etish. Bu bilan korxona va tashkilotlar xodimlarining oliy ma`lumotli bo`lishlariga imkon yaratiladi. 

To`rtinchidan, oliy ta`lim muassasalariga maqsadli qabul tizimini muayyan tuman va shaharlar uchun emas, balki cohalar ehtiyojidan kelib chiqqan holda tarmoqlar bo`yicha joriy etishni yo`lga qo`yish. Hozirda bu tizim Respublikaning olis hududlarga zarur bo`lgan  tibbiyot va pedagogika yo`nalishlari uchun joriy etilgan. 

Beshinchidan, Ta`lim tizimiga masofaviy o`qish turining joriy etilishi sababli qo`shni davlatlarda sirtqi va masofaviy ta`lim yo`nalishlarida tahsil olayotgan o`zbekistonlik yoshlarning, bugungi pandemiya sharoitida, 2021-2022 o`quv yilda o`qishini yurtimizdagi oliy ta`lim muassasalariga ko`chirishiga imkon yaratish.

Oltinchidan, Pandemiya davrini hisobga olgan holda 2020-2021 o`quv yilida foizsiz ta`lim kreditini berish amaliyotini yo`lga qo`yish. Bunda Vazirlar Mahkamasining “Oliy o`quv yurtlarida to`lov-kontrakt asosida o`qish uchun ta`lim kreditlari berish to`g`risida”gi qarorining birinchi bandida belgilangan imtiyozni, ya`ni nol foiz stavka bilan kredit ajratish tizimini joriy qilish.

O`zbekiston “Adolat” SDP mazkur takliflarning amaliyotga joriy etilishi, ko`plab oliy ta`lim olish istagidagi yoshlarimizga qo`shimcha imkoniyat yaratib berish bilan bir qatorda, hozirgi pandemiya davrida talaba yoshlarning bilim olishini uzluksiz davom ettirish imkoniyatini beradi, deb hisoblaydi.

    Boshqa yangiliklar