AQSh O`zbekistonga umumiy qiymati 2,5 million dollar 200 ta o`pkani sun`iy shamollatish moslamasini yubordi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA.
O`pkani sun`iy shamollatish moslamasi Prezident Donald Tramp ma`muriyati tomonidan iyun oyida e`lon qilingan insonparvarlik yordamining bir qismi sifatida taqdim qilinmoqda.
O`zbekistonda koronavirus pandemiyasiga qarshi kurash choralarini qo`llab-quvvatlash uchun taqdim etilgan tibbiy jihozlar Vashingtondagi elchixonamiz tomonidan Oq uy ma`muriyati, AQSh Davlat departamenti va Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) vakillari bilan o`tkazilgan qator maslahatlashuvlar natijasida mamlakatimizga etkazib berildi.
Jihozlarning texnik xususiyatlari haqidagi ma`lumotlar diplomatik vakolatxonamizning USAID idorasi vakillari va Kaliforniya universiteti ekspert-anesteziologlari bilan uchrashuvda taqdim etildi.
Ma`lum qilinishicha, asbob-uskunalar tibbiy texnologiya va dasturiy ta`minot ishlab chiqish bo`yicha 40 yildan ortiq tajribaga ega Amerikaning «Zoll Medical Corporation» kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan.
Qayd etilganidek, o`pkani sun`iy shamollatish moslamalari O`zbekiston sog`liqni saqlash muassasalarining texnik infratuzilmasini hisobga olgan holda maxsus buyurtma asosida ishlab chiqarildi. Vositalar stasionar davolanishda, havo tibbiy transportida yoki tez yordam mashinalarida tashish paytida intensiv terapiya uchun ishlatiladi.
Kaliforniya universiteti amaliyotchilari moslamalarning COVID-19 bilan kasallanganlarni davolashda, shu jumladan, bemor nafas olishda qiynalganda va kasallikning og`ir bosqichlarida samarali ekanini tasdiqladi. Ushbu qurilmalar o`pkani sun`iy ravishda shamollatishning turli usullaridan foydalanish, turli yoshdagi bemorlar hayotiy funksiyalarini qo`llab-quvvatlashga imkon beradi.
Elchixona ma`lumotiga ko`ra, ushbu moslamalar Sog`liqni saqlash vazirligi tomonidan mamlakatimizning barcha mintaqalaridagi 62 ta tibbiyot muassasasi o`rtasida taqsimlanadi.






