Toshkent shahrida mavjud ko`p qavatli turar-joylarga, mahalla va mavzelarda tashqi video-kuzatuv moslamalarini o`rnatiladi. Bu haqda hokimlik matbuot xizmati xabar bermoqda.
Kuni kecha Toshkent shahar hokimligida brifing o`tkazildi. Unda shahar hokimining joriy yilning 11 dekabrida imzolangan “Toshkent shahridagi ko`p qavatli turar-joylar, mahalla va mavzelarda video-kuzatuv moslamalarini o`rnatish ishlarini tashkillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi 233-f farmoyishi haqida so`z bordi.
Mazkur farmoyish Toshkent shahar hokimining 2012 yil 4 apreldagi “Toshkent shahrida jinoyatchilikning oldini olishga qaratilgan qo`shimcha choralar to`g`risida”gi 277-sonli qarori hamda 2015 yil 9 oktyabrdagi “Toshkent shahridagi noturar joy ob`ektlariga video-kuzatuv moslamalarini o`rnatish ishlarini jadallashtirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi 181-f-sonli farmoyishining ijrosini to`laqonli ta`minlash, ko`p qavatli turar-joylarning umumfoydalanishdagi muhandislik tarmoqlarini, erto`la va chordoq qismlarini texnik soz holda saqlash, turli jinoiy unsurlarning harakatlariga chek qo`yish hamda aholi xavfsizligini ta`minlashga qaratilgan.
Toshkent shahrida mavjud ko`p qavatli turar-joylarga, mahalla va mavzelarda tashqi video-kuzatuv moslamalarini o`rnatish tavsiya etilmoqda. Video-kuzatuv moslamalarini o`rnatish va ulardan foydalanish xizmati maxsus tashkil etiladigan korxona va tashkilotlar, Boshqaruv servis kompaniyalari yoki xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlari tomonidan har bir xonadon bilan tuziladigan shartnomalar asosida tashkil etiladi. Bino-inshootlarga o`rnatilgan video-kuzatuv moslamalarida qayd etilgan jinoyatchilik va huquqbuzarlik holatlari bo`yicha huquqni muhofaza etuvchi idoralarni xabardor qilish va ular so`roviga binoan elektron yozuvini taqdim etish bu xizmatni tashkil etuvchilar zimmasida bo`ladi.