3 sentyabr kuni soat 18:30 larda, Jizzax viloyati, Jizzax shahar hududidan o`tuvchi 4R38 “Uchtepa-Jizzax-Baxmalsoy” avtomobil yo`lining 31-kilometrida haydovchi 1991 yilda tug`ilgan E.H. “Foton” rusumli yuk avtomobilini boshqarib ketayotib, shu yo`nalishda, o`zidan oldinda, yo`l chetida to`xtab turgan haydovchi, 1954 yilda tug`ilgan Sh.P. boshqaruvidagi “Kamaz-53212” rusumli yuk avtomobilining tirkamasiga urilib, YTH sodir etgan. Bu haqda O`zbekiston Respublikasi IIV YHXBB Axborot xizmati ma`lum qildi.
Natijada, “Foton” rusumli yuk avtomobili yo`lovchisi, 33 yoshli J.I. og`ir tan jarohatlari olib shifoxonada vafot etgan. Ushbu yuk avtomobili yo`lovchisi 30 yoshli K.I. tan jarohatlari olib shifoxonaga yotqizilgan.
Mazkur YTH yuzasidan Jizzax shahar IIO FMB huzuridagi TB tomonidan O`zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 266-moddasi 2-qismi (odam o`limiga olib kelgan transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo`zg`atilib, hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
"Barcha haydovchilardan tezlik me`yoriga, yo`l belgilari va chiziqlari talablariga rioya etgan holda harakatlanishlarini so`rab qolamiz" deyiladi xabarda.






