AsosiyJamiyat

Pandemiya sharoitiga moslashtirilgan namunaviy dars jadvali ishlab chiqildi

'Pandemiya sharoitiga moslashtirilgan namunaviy dars jadvali ishlab chiqildi'ning rasmi

Xalq ta`limi vazirligi tomonidan 2020-2021 o`quv yilining 1-choragi uchun umumta`lim maktablarining pandemiya sharoitlariga moslashtirilgan namunaviy dars jadvali ishlab chiqildi.  Bu haqda Xalq ta`lim vazirligi matbuot xizmati xabar bermoqda. 

Mazkur dars jadvali asosida umumta`lim maktablarining navbatliligi (smenasi), o`quvchi o`rni, sinflar va o`qituvchilar sonidan kelib chiqib, ushbu namunaviy jadvalga moslashtirilgan holda dars jadvalini tuzish tavsiya etiladi.

Dars jadvalini tuzishda quyidagi talablarga e`tibor qaratiladi. Jumladan, bir vaqtning o`zida o`quvchilar ko`p to`planmasligi va tirbandlikni oldini olish uchun dars mashg`ulotlarining boshlanish vaqtlari belgilanadi  (boshlang`ich sinflar uchun 8-00 da, 5-8 sinflar uchun 8-30 da, 9-11 sinflar uchun 9-00 da).

O`quvchilarning sog`ligini himoyalash, ijtimoiy masofani saqlagan holda ortiqcha muloqot qilishlarini oldini olish maqsadida, jismoniy tarbiya, chaqiriqqa qadar boshlang`ich harbiy tayyorgarlik,  musiqa madaniyati, tasviriy san`at va chizmachilik, texnologiya hamda tarbiya fanlari o`quv yili boshida vaqtinchalik o`tilishi tavsiya etilmaydi, ushbu fanlar masofaviy ta`lim shaklidagi televizion darslar orqali  o`zlashtirib boriladi. Shuni a`lohida ta`kidlash kerakki, mazkur fanlardan dars berayotgan o`qituvchilarning oylik ish haqi to`liq saqlab qolinadi va ular maktabdagi o`quv-tarbiya jarayonini tashkil etish bilan bog`liq tashkiliy masalalarga jalb etiladi.

Tanaffus vaqtlarida sanitar-gigienik talablarga rioya etish, ijtimoiy masofani saqlash va o`quvchilarning o`zaro muloqotini cheklash maqsadida darslar oralig`ida qo`ng`iroqlar chalish tavsiya etilmaydi, tanaffus vaqtlarida bir vaqtda o`quvchilar to`planishiga yo`l qo`yilmaydi.

Darslar orasida 5 daqiqalik tanaffus beriladi, shuningdek, boshlang`ich sinfda 2-soat darsidan keyin, 5-11 sinflarda 3-soat darsidan keyin 10 daqiqalik katta tanaffus, smenalar oralig`ida esa 30 daqiqa tozalash uchun vaqt beriladi.  

Masofaviy shaklda ta`lim olayotgan o`quvchilar uchun televizion darslar jadvali joriy yilning 10 sentyabridan boshlab vazirlikning rasmiy sayti va ijtimoiy tarmoqdagi sahifalari orqali e`lon qilib boriladi.  

Eslatib o`tamiz, 2020/2021 o`quv yili rasman joriy yilning 14 sentyabr kunidan boshlanadi.

    Boshqa yangiliklar