AsosiyJamiyat

Xitoylik mutaxassislar bilan koronavirusga qarshi kurashda hamkorlikni yanada kengaytirishga oid shartnoma imzolandi

'Xitoylik mutaxassislar bilan koronavirusga qarshi kurashda hamkorlikni yanada kengaytirishga oid shartnoma imzolandi'ning rasmi

Sog`liqni saqlash vaziri Alisher Shadmanov hozirda yurtimizda bo`lib turgan xitoylik shifokor va mutaxassislardan iborat delegasiya bilan uchrashdi. Bu haqda Vazirlik Matbuot xizmati xabar qilmoqda. 

Unda aytib o`tilganidek, o`tgan yili aprel oyida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning Xitoy Xalq Respublikasiga tashrifi davomida qator sohalar qatorida sog`liqni saqlash tizimini yanada rivojlantirish bo`yicha qator kelishuvlarga ham erishilgan edi. Ushbu sa`y-harakatlar samarasi o`laroq, hozirgi pandemiya bilan bog`liq bo`lgan vaziyatda ikki davlat o`rtasida ushbu yo`nalishda samarali hamkorlik yanada rivojlanib borayotgani qayd etildi.

Muloqotda xitoylik mutaxassislarning yurtimiz tibbiyot xodimlari bilan hamkorlikda “COVID-19” pandemiyasi keng tarqalishining oldini olish, uni nazorat qilish va davolash borasida olib borilayotgan sa`y-harakatlari e`tirof etildi. Shuning barobarida xitoylik mutaxassislar yurtimizda koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashda yaxshi natijalarga erishilayotganligi, shuningdek, xalq tabobati borasida yaxshi an`analar shakllangani, ayniqsa, buyuk tabib Abu Ali ibn Sino ilmiy merosi, asarlari Xitoyda ham qo`llanma sifatida keng foydalanilishini e`tirof etishdi.

E`tiborli jihati, uchrashuv doirasida O`zbekiston Sog`liqni saqlash vazirligi hamda “Beizhong Yilin Pharm Tech (Beijing) Co. Ltd.” farmasevtika kompaniyasi o`rtasida xalq tabobatini rivojlantirish, bu borada ilmiy izlanishlar olib borish hamda o`zaro hamkorlikni yanada kengaytirish bo`yicha shartnoma ham imzolandi. Unda mamlakatimizda xalq tabobatini rivojlantirish borasida qator vazifalar belgilandi.

Jumladan, o`zbek va xitoy xalq tabobatini o`zaro uyg`unlashtirib, sohada samarali qo`shma loyihalarni ishlab chiqish va amalga oshirish, ham tashxis qo`yishda, ham davolashda unumli foydalanish, shuningdek, yurtimizda yaqin oylarda Xitoy xalq tabobati markazini ochish, mutaxassislarimizni koronavirusga qarshi kurashda Xitoy tajribasi bo`yicha o`qitish, malakasini oshirish kabi yo`nalishlar mazkur shartnomada o`z aksini topgan.

Uchrashuv so`nggida xitoylik mutaxassislar tomonidan “COVID-19”ga qarshi Xitoyda muvaffaqiyatli qo`llanilgan an`anaviy xitoy tabobati usulida tayyorlangan dori vositalarining dastlabki qismi taqdim etildi.

    Boshqa yangiliklar