1

Endi sudlarga berilgan da`volarni ko`rib chiqish jarayonini onlayn kuzatish mumkin bo`ladi

Jamiyat 05.09.2020, 09:41
Endi  sudlarga berilgan da`volarni ko`rib chiqish jarayonini onlayn kuzatish mumkin bo`ladi

«Sud hokimiyati organlari faoliyatini raqamlashtirish chora-tadbirlari to`g`risida»gi Prezident qarori qabul qilindi, deya xabar qiladi Adliya vazirligi.

Qaror bilan sudlar faoliyatini raqamlashtirishning keyingi bosqichdagi vazifalari belgilandi.

Jumladan, fuqarolar va tadbirkorlarga ko`rsatiladigan interaktiv elektron xizmatlar turlari kengaytiriladi, har bir murojaatni ko`rib chiqish jarayonini onlayn kuzatib borish ta`minlanadi, sud binolarida interaktiv xizmatlardan erkin foydalanish imkoniyati yaratiladi.

Qaror bilan quyidagilarni nazarda tutuvchi 2020–2023 yillarda sud hokimiyati organlari faoliyatini raqamlashtirish dasturi tasdiqlandi:

  • 2021 yil 1 yanvardan sudlarda sud majlisini taraflarning iltimosnomasi va raislik qiluvchining roziligi bilan audioyozuvdan foydalangan holda qayd etib borish hamda sud majlisi bayonnomalarini ushbu tizimdan foydalangan holda shakllantirish;
  • 2021 yil 1 iyuldan apellyasiya va kassasiya instansiyasi sudlarida ishlarni sudyalar o`rtasida avtomatik ravishda taqsimlash;
  • 2021 yil 1 oktyabrdan barcha ishtirokchilarni sud majlislarining vaqti va joyi haqida SMS xabar orqali bepul asosda xabardor qilish;
  • 2022 yil 1 yanvardan sud qarorlarini taraflarga onlayn tarzda, ularning iltimosnomasi bo`yicha esa qog`oz shaklida taqdim etish;
  • 2022 yil 1 iyulga qadar sudlar faoliyatida, shu jumladan, fuqarolar va tadbirkorlarga odil sudlovga erishishda qulaylik yaratish maqsadida 10 ga yaqin interaktiv xizmatlar ko`rsatishni yo`lga qo`yish;
  • 2023 yil 1 yanvardan sud ishlarini davlat arxiviga elektron shaklda topshirish va qabul qilish;
  • sudlar, Sudyalar oliy kengashi hamda Sudyalar oliy maktabida axborot-kommunikasiya texnologiyalari infratuzilmasini yanada yaxshilash.

Qarorga ko`ra, 2022 yil 1 yanvardan sudlar faoliyatiga quyidagi imkoniyatlarni beruvchi «Adolat» axborot tizimlari kompleksi joriy etiladi:

  • davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, xo`jalik boshqaruvi organlari, advokatlar tomonidan sudlarga da`vo, ariza va shikoyatlarni faqat elektron shaklda taqdim etish;
  • manfaatdor shaxslar tomonidan da`vo, ariza va shikoyatlarni ko`rib chiqish jarayonini onlayn tarzda kuzatib borish;
  • sud majlisi ishtirokchilari tomonidan ma`lumotlar va hujjatlarni elektron shaklda yuborish;
  • sud hujjatlarini sudlar faoliyatiga joriy etilgan axborot tizimidan foydalangan holda avtomatlashtirilgan ravishda shakllantirish.

Shuningdek, 2020 yil yakuniga qadar sud majlislarida videokonferensaloqa rejimida ishtirok etish imkonini beruvchi mobil dastur ishlab chiqiladi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1