AsosiyJamiyat

“Sardoba” toshqinida uysiz qolgan 1300 dan ortiq fuqaro hamon maktablarda yashamoqda. Shu bois maktablarni o`quv yiliga tayyorlash kechikmoqda

'“Sardoba” toshqinida uysiz qolgan 1300 dan ortiq fuqaro hamon maktablarda yashamoqda. Shu bois maktablarni o`quv yiliga tayyorlash kechikmoqda'ning rasmi

Joriy yilning may oyi boshida sodir bo`lgan Sardoba fojiasida uylaridan ayrilgan aholining yana 1300 dan ortig`i hamon 13 ta muassasa, shu jumladan, 6 ta umumta`lim maktabida yashab kelmoqda. Shu bois bu maktablarni yangi o`quv yiliga tayyorlash kechikmoqda. Bu haqda bugun, 5 sentyabr kuni Sirdaryo viloyatida bo`lib o`tgan O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining sayyor majlisida so`z bordi

Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboeva olib borgan majlisda “Sardoba” suv omborining yorilishi oqibatlarini bartaraf etish bo`yicha amalga oshirilgan ishlarni o`rganish natijalari muhokama qilindi. 

Parlament yuqori palatasiga “Sardoba” suv omboridan suv toshishi oqibatida talofat ko`rgan fuqarolardan ko`plab murojaatlar yo`llangan.  Ular senatorlar tomonidan joyiga chiqib ko`rilgan. 

Ishchi guruhi tomonidan olib borilgan o`rganish davomida muammo va kamchiliklar aniqlangani inobatga olinib, birinchi marotaba Senat Kengashining sayyor majlisini o`tkazish maqsadga muvofiq deb topildi.   

Qayd etilishicha, jami 175 ta tadbirkorlik sub`ektidan 32 tasiga etkazilgan zarar miqdori 9,1 mlrd so`m deb aniqlangan bo`lsa-da, qolgan 143 ta tadbirkorning mol-mulkiga etkazilgan zarar miqdori bo`yicha aniq hisob-kitoblar amalga oshirilmagan va zararni qoplash bo`yicha hech qanday amaliy chora-tadbirlar ko`rilmagan.

Qolaversa, umumta`lim ob`ektlarini ta`mirlash, tiklash va qayta qurish ishlari belgilangan muddatlarda amalga oshirilmagan. Uy-joysiz qolgan 1 308 nafar fuqaro hozirgi kungacha 13 ta muassasa, shu jumladan, 6 ta umumta`lim maktabida yashayotganligi sababli mazkur ta`lim muassasalarini yangi o`quv yiliga tayyorlash ishlari kechikmoqda. 

Yana bir jihat, irrigasiya-meliorasiya ob`ektlarini tiklash ishlari bo`yicha moliyalashtirish ishlari yakuniga etkazilmagan. Ayrim qishloq xo`jaligi tarmoqlari bo`yicha etkazilgan zararni qoplash ishlari etarli darajada bajarilmagan.

Sardoba, Oqoltin va Mirzaobod tumanlarida talafot ko`rgan 54 ta fermer xo`jaligining 4 204 gektar paxta va g`alla maydonlariga ekinlarni qayta ekish uchun sug`urtalanmagan 9,5 mlrd so`mlik zararni qoplash masalasi hal etilmagan. Bundan tashqari, baliqchilik, chorvachilik, parrandachilik, bog`dorchilik yo`nalishlarida ham shu kabi muammolar o`z echimini kutmoqda.  

Shu bilan birga, majlisda yoshlarning vaqtini mazmunli o`tkazish, ularning bandligini ta`minlash, tadbirkorlik bilan shug`ullanish istagida bo`lganlarni har tomonlama qo`llab-quvvatlash ishlari sust olib borilayotgani ta`kidlandi. Mazkur yo`nalishda Senat huzuridagi Yoshlar parlamenti a`zolarining taklif va fikr-mulohazalari tinglandi.

Qayd etilganidek, “Yoshlar – kelajagimiz” Davlat dasturi doirasida Sardoba tumanida amalga oshirilishi ko`zda tutilgan 275 mln so`mlik 3 ta, Mirzaobod tumanida qiymati 260 mln so`mlik 8 ta loyiha tegishli mutasaddilarning mas`uliyatsizligi sababli bajarilmagan va yoshlar uchun mo`ljallangan yangi ish o`rinlari yaratilmagan. 186 nafar og`ir turmush sharoitida yashovchi xotin-qizlarni qo`llab-quvvatlash, ularning bandligini ta`minlash borasidagi ishlar ham talab darajasida emas.

Aholi bandligini ta`minlash ishlari ham etarli darajada tashkil qilinmagan, 11 ta mahalladagi vaqtinchalik ishsiz qolgan va xorijdan qaytib kelgan 4 325 nafar ishsiz fuqaroning 31 foizi ishga joylashtirilgan.

Shuningdek, majlisda Sirdaryo viloyatida yuz bergan texnogen holat oqibatida jabr ko`rgan fuqarolar muammolarini yana bir bor hukumat darajasida Ishchi guruh tashkil qilgan holda puxta o`rganish zarurligi, aniqlangan muammo va kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan Hukumat komissiyasiga taklif kiritish lozimligi ta`kidlandi.

Mazkur masala yuzasidan Oliy Majlis Senati Kengashining tegishli qarori qabul qilindi.

    Boshqa yangiliklar