1

Qonun Konstitusiyaviy sud raisi haqida nima deydi?

Jamiyat 07.09.2020, 08:52
Qonun Konstitusiyaviy sud raisi haqida nima deydi?

Ayni kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda Baxtiyor Mirboboevning Konstitusiyaviy sud raisi lavozimini qonunni buzgan holda egalab turganligi to`g`risidagi ayrim maqolalar ko`pchilikda noto`g`ri fikrlarni shakllantirmoqda. Ushbu materiallarda 2017 yil 31 maydagi “O`zbekiston Respublikasining Konstitusiyaviy sudi to`g`risida”gi O`zbekiston Respublikasi Konstitusiyaviy Qonunining 6-moddasi ro`kach qilinib, unga ko`ra Konstitusiyaviy sudning sudyasi lavozimida bo`lishning eng yuqori yoshi 70 yoshni tashkil etsada, B.Mirboboev 75 yoshga to`lganligi ko`rsatilgan.  

Bundan tashqari maqolalar mualliflari qonunda ushbu sud raisligiga ikki martadan ortiq saylanish mumkin emasligi belgilangan bo`lishiga qaramasdan B.Mirboboev 5 marta saylanganligini qonun buzilishi sifatida baholashmoqda.  

Shu munosabat bilan, e`tiborni quyidagilarga qaratish maqsadga bo`lar edi.  

Birinchidan, “O`zbekiston Respublikasining Konstitusiyaviy sudi to`g`risida”gi Konstitusiyaviy qonunning 6-moddasida Konstitusiyaviy sudning sudyasi lavozimida bo`lishning eng yuqori yoshi qoida tariqasida etmish yoshni tashkil etishi belgilangan. Oddiy so`zlar bilan aytganda etmish yoshgacha bo`lgan va undan oshgan fuqaro Konstitusiyaviy sudning sudyasi bo`lishi mumkin. Qonunlarda “qoida tariqasida” so`zlarining qo`llanilishi bu imperativ xarakterga ega emasligini anglatadi va qonunlar matnlarini bayon etishda qo`llaniladigan qonunchilik texnikasi shakllaridan biridir.  

Ikkinchidan, muqaddam B.Mirboboev konstitusiyaviy sud tarkibiga oldin amalda bo`lgan qonun asosida saylangan bo`lib, unda 5 yillik muddat belgilangan, biroq qayta saylanish miqdori belgilanmagan edi. «Normativ-huquqiy hujjatlar to`g`risida»gi Qonunning 31-moddasida normativ-huquqiy hujjatlar orqaga qaytish kuchiga ega emasligi va ular amalga kiritilganidan keyin yuzaga kelgan ijtimoiy munosabatlarga nisbatan tatbiq etilishi belgilangan.  

Shu tariqa “O`zbekiston Respublikasining Konstitusiyaviy sudi to`g`risida”gi Konstitusiyaviy qonun 6-moddasining talablari 2017 yil  

1 iyundan keyin saylangan Konstitusiyaviy sud sudyalariga nisbatan tatbiq etiladi. 1995 – 2017 yillar davomida 5 yillik muddatga saylangan Konstitusiyaviy sud sudyalariga nisbatan 2017 yildagi qonun bilan o`rnatilgan taqiqlar qo`llanilishi to`g`ri bo`lmaydi.  

Yangi qonun qabul qilingandan keyin B.Mirboboev Konstitusiyaviy sud sudyasi etib 2017 yil 24 avgustda saylangan va uning vakolat muddati 2022 yil 24 avgustda tugaydi. Ushbu muddat tugagandan so`ng B.Mirboboev ikkinchi besh yillik muddatga Konstitusiyaviy sudning sudyasi etib saylanishiga nisbatan amaldagi qonunda taqiq mavjud emas.  

Shunday qilib, Konstitusiyaviy sudning amaldagi Raisi qonunga zid ravishda besh marta Konstitusiyaviy sud sudyasi etib saylanganligi to`g`risidagi fikrlar asossiz bo`lib, qonunga to`g`ri kelmaydi.  

Halqaro tajriba bu borada nima deydi? Masalan, Rossiya Federasiyasida Konstitusiyaviy sud sudyasining vakolat muddati cheklanmagan, sudyalik lavozimida bo`lishning eng yuqori yoshi esa - etmish yosh. Biroq, bu talab Konstitusiyaviy sud raisiga nisbatan tadbiq etilmaydi va amaldagi Konstitusiyaviy sud raisi Zorkin Valeriy Dmitrievich bugungi kunda 77 yoshga to`lgan. Qo`pchilik sudyalarning yoshi esa 66 yoshdan yuqori.  

Shuningdek, Fransiyada Konstitusiyaviy sud raisi sifatida 74 yoshni qarshilagan Loran Fabius faoliyat yuritib kelmoqda, uning vakolat muddati esa 2025 yilgacha etib belgilangan. Avstriyada sudning barcha a`zolari, jumladan raisi va o`rinbosari iste`fo yoshiga etkunga qadar umrbod saylanadilar, Norvegiya va Maltada sud raisi umrbod saylanadi.  

Maqolalar mualliflari “Sudlar to`g`risida”gi Qonunga sudya birinchi marta besh yillik muddatga, navbatdagi o`n yillik muddatga va sudyalik lavozimida bo`lishning muddatsiz davriga belgilangan tartibda tayinlanishi yoki saylanishi to`g`risidagi normalar kiritilganligidan xabardor bo`lishsa kerak.  

Umuman olganda 2017 yilda qabul qilingan “O`zbekiston Respublikasining Konstitusiyaviy sudi to`g`risida”gi Konstitusiyaviy qonun mutlaq yangi va eng demokratik halqaro standartlarga mos keladigan Konstitusiyaviy sudning shakllanishi va faoliyatining asoslarini belgilab berdi.  

Konstitusiyaviy sud O`zbekiston Respublikasi Prezidentining taqdimiga binoan O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati tomonidan O`zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi tavsiya etgan shaxslar orasidan, Qoraqalpog`iston Respublikasining vakilini qo`shgan holda saylanadi.  

Konstitusiyaviy sud raisi va uning o`rinbosari esa Konstitusiyaviy sud majlisida uning sudyalari orasidan saylanadi. Oddiy qilib aytganda rais kim bo`lishi sudyalarning o`zlari tomonidan hal qilinadi.  

2017 yildagi islohotlarga qadar Konstitusiyaviy sud raisining nomzodi Prezident tomonidan taqdim etilar edi.  

Yuqoridagilar bilan bir qatorda, Konstitusiyaviy sudning vakolatlari yanada kengaytirilgan, shuningdek mamlakatdagi konstitusiyaviy qonuniylikning holati ustidan nazorat olib borishi uchun bir qator demokratik mexanizmlar joriy etilgan.  

 

 

Shuhrat POLVONOV,  

Oliy Majlis Qounuchilik palatasining  

Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari qo`mitasi raisi o`rinbosari 

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1