AsosiyJamiyat

Konstitusiyaviy sud va uning raisi vakolatlari muddati haqidagi munosabatlar yuzasidan rasmiy axborot berildi

'Konstitusiyaviy sud va uning raisi vakolatlari muddati haqidagi munosabatlar yuzasidan rasmiy axborot berildi'ning rasmi

Shu kunlarda ijtimoiy tarmoqlardagi O`zbekiston Respublikasi Konstitusiyaviy sudi va uning raisi vakolatlari muddati to`g`risida turli munosabatlar bildirilmoqda.

 Sal avval O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining deputati Shuhrat Polvonov ushbu holat yuzasidan munosabat bildirgan edi. Ayni paytda O`zbekiston Respublikasi Konstitusiyaviy sudi Kotibiyatining rasmiy axboroti e`lon qilindi.

Birinchidan. Hozirgi kunda Konstitusiyaviy sudning tashkil etilishi va faoliyati 2017 yil 31 mayda qabul qilingan “O`zbekiston Respublikasining Konstitusiyaviy sudi to`g`risida”gi Konstitusiyaviy qonunga muvofiq tartibga solinadi. Qonunga muvofiq Konstitusiyaviy sud Konstitusiyaviy sudga ko`rib chiqish uchun qonunda belgilangan sub`ektlar tomonidan kiritilgan masalalar yuzasidan qarorlar qabul qilib kelmoqda. Qabul qilingan qarorlar haqida Konstitusiyaviy sudning rasmiy veb-saytidan ma`lumot olish mumkin.  

Konstitusiyaviy sud tomonidan ko`riladigan ishlarning ko`pligi yoki kamligi Konstitusiyaviy sudga masala kiritish huquqiga ega bo`lgan sub`ektlarga bog`liqdir.

Keyingi to`rt yil ichida Yangi O`zbekiston ijtimoiy hayotini demokratlashtirga qaratilgan amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar Konstitusiyaviy sudda ko`rib chiqish uchun masala kirituvchi sub`ektlar doirasini ham kengaytirib, ular qatoriga fuqarolar va yuridik shaxslarni ham qo`shishni taqozo etmoqda. Hozirgi kunda shunday o`zgarishlarni qonunchilikka kiritish masalasi yuzasidan qonun loyihasi tayyorlanib, O`zbekiston Respublikasi Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi (www.regulation.gov.uz) portali orqali keng jamoatchilikning fikri olindi va loyiha takomiliga etkazildi. O`ylaymizki, kelgusida Konstitusiyaviy sudga ko`rib chiqish uchun fuqarolar tomonidan masala kiritilishi Konstitusiyaviy sud tomonidan ko`rib chiqiladigan ishlarning sonini keskin oshiradi.  

Ikkinchidan. Konstitusiyaviy qonunning 6-moddasiga muvofiq “Ayni bir shaxs ikki martadan ortiq Konstitusiyaviy sudning sudyasi etib saylanishi mumkin emas”. Bu qoida 2017 yil 1 iyundan boshlab saylangan sudyalarga nisbatan tatbiq qilinadi. Qonunga muvofiq sudyaning vakolat muddati besh yilni tashkil etadi.  

Konstitusiyaviy qonun qabul qilingungacha amal qilgan Konstitusiyaviy sud to`g`risidagi qonunda Konstitusiyaviy sud sudyasining vakolatlari muddatiga nisbatan cheklov belgilanmagan.

Konstitusiyaviy qonunda Konstitusiyaviy sudning sudyasi lavozimida bo`lishning eng yuqori yoshi, qoida tariqasida, etmish yoshni tashkil etadi deb belgilangan. Qonunchilik texnikasiga muvofiq “qoida tariqasida” degan tushuncha umumiy talab bo`lib, ayrim paytda istisnoli holatlar bo`lishi mumkinligini anglatadi.  

Uchinchidan. Qonunga ko`ra Konstitusiyaviy sud tarkibini shakllantirishda uchta sub`ekt ishtirok etadi. Ya`ni, Konstitusiviy sud O`zbekiston Respublikasi Prezidentining taqdimiga binoan Oliy Majlis Senati tomonidan Sudyalar oliy kengashi tavsiya etgan shaxslar orasidan saylanadi. Sudyalarni saylashda nomzodning ma`naviy fazilatlari, hayotiy tajribasi, bilimi va salohiyati e`tiborga olinadi.  

Konstitusiyaviy sud raisi va uning o`rinbosari Konstitusiyaviy sud majlisida sudyalari orasidan saylanadi. Ya`ni, kim sudya, sud raisi yoki rais o`rinbosari bo`lib saylanishi bir yoki ikki kishining xohish-istagiga bog`liq emas.  

O`zbekiston Respublikasi Konstitusiyaviy sudi to`g`risidagi qonunning asosiy qoidalari Germaniya, Fransiya, Rossiya kabi rivojlangan demokratik mamlakatlarning konstitusiyaviy sudlov to`g`risidagi qonunlariga mos keladi.

Xulosa qilib aytganda, O`zbekiston Respublikasi Konstitusiyaviy sudini tashkil etish va uning faoliyatida qonun buzilishi holatlari mavjud emas, deyiladi rasmiy axborotda. 

 

 

    Boshqa yangiliklar