Bu murojaatda SSV barcha fuqarolarni o`z o`zini himoya qilishga chaqirmoqda.
Ma`lumki, joriy yilning 15 avgustidan boshlab O`zbekistonda karantin choralari yumshatildi: avtotransport vositalarining harakati va bozorlar faoliyatiga bosqichma-bosqich ruxsat berildi. 5 sentyabrdan esa qator faoliyat turlariga cheklovlar bekor qilindi. Ular orasida umumiy ovqatlanish ob`ektlari (restoran, kafe, oshxona, choyxona), tomosha va madaniy-ko`ngilochar ob`ektlari (faqatgina teatr va kinoteatr) hamda parklar va istirohat bog`laridagi attraksionlar ham mavjud.
Ammo bu yurtimizda koronavirus infeksiyasi chekingani va odamlar ehtiyot choralarini unutib, hohlagan joyida harakat qilishlari mumkinligini anglatmaydi. Mamlakatimizda hali ham “COVID-19”ning tarqalishi davom etmoqda.
Oxirgi bir hafta davomida koronavirus infeksiyasiga chalinganlarning qayd etilish ko`rsatkichi sezilarli darajada pasaygan bo`lsa-da, bu xotirjamlikka berilish, virusga nisbatan hushyorlikni unutish mumkin, degani emas, deyiladi vazirlik xabarida.
— Masalaga tez tibbiy yordam xizmatiga qilinayotgan murojaatlar tahlili misolida qaraydigan bo`lsak, sentyabrning dastlabki haftasida chaqiruvlar soni birmuncha oshganligiga guvoh bo`lamiz, — deydi Toshkent shahar tez tibbiy yordam stansiyasi bosh shifokori Umidullo Riskiev. — Jumladan, poytaxtimizda joriy yil avgustning oxirgi 7 kunida chaqiriqlarning umumiy soni 18 316 ta bo`lgan bo`lsa, sentyabr oyining birinchi 7 kunligida esa 19 707 tani tashkil etdi. Bu ko`rsatkichlar oxirgi haftada chaqiriqlarning umumiy soni 1 391 taga ortganini ko`rsatadi. Aytish lozimki, 1–7 sentyabr kunlari kelib tushgan chaqiruvlardan 6 145 tasi (umumiy chaqiriqlarning 31,2 foizi) tana haroratining oshishi, 3 091 tasi (u.ch. 15,7 foizi) o`tkir respirator kasalliklari bilan bog`liq bo`lgan bo`lsa, 814 tasi (u.ch. 4,1 foizi) esa pnevmoniya belgilari mavjud bemorlar tomonidan amalga oshirilgan.
Shulardan kelib chiqib, Sog`liqni saqlash vazirligi yana bir bor aholini hushyorlikka va har bir fuqaroni o`zini himoya qilish qoidalariga qat`iy amal qilishga chaqirib qoladi. Agar odamlar qo`llarini muntazam yuvib, jamoat hamda ish joylarida tibbiy niqobni to`g`ri va doimiy tarzda taqib yursa, ijtimoiy masofani saqlashni unutmasa, nafaqat koronavirus infeksiyasidan, balki boshqa mavsumiy o`tkir respirator kasalliklaridan ham o`zlarini asrashlari mumkin bo`ladi. O`zimiz va yaqinlarimizni asraylik! Salomatligimiz o`z qo`limizda!" deyiladi ushbu murojaatda.
Haqiqatdan ham bugungi kunda ogohlik va ehtiyotkorlik har qachongidan ham muhim. Biz o`zimizni asrasak, infeksiya tarqalishini jilovlashga hissa qo`shgan bo`lamiz. Yurtdoshlarimizning, yaqin insonlarimizning salomatligi har birimizning ogohligimiz va mas`uliyatimizga bog`liq.






