AsosiyJamiyat

8 sentyabr − Xalqaro jurnalistlar birdamligi kuni

'8 sentyabr − Xalqaro jurnalistlar birdamligi kuni'ning rasmi

Statistika xabarlariga ko`ra, jurnalistika dunyodagi eng xatarli kasblardan biri hisoblanadi. UNESCO rasmiy saytining 1993 yildan boshlab qayd etgan ro`yxatidagi ma`lumotlarga qaraganda bugungacha dunyoda 1405 nafar jurnalist o`ldirilgan. Afsuski jamiyatda jurnalistlarga hujum qilinishi haqidagi xabarlar bugun ham tez-tez uchrab turadi.

Shu sabab qalam ahlining o`zaro birdamligi nafaqat tilda, balki amalda ham o`z isbotini topishi uchun birdamlik kuni alohida bayram sifatida belgilangan. 1958 yili Xalqaro jurnalistlar tashkilotining Buxarestda bo`lib o`tgan IV kongressi qaroriga binoan, har yili jahonda 8 sentyabr Xalqaro jurnalistlar birdamligi kuni (International day of solidarity of journalists) sifatida nishonlanadi. Ma`lumotlarga ko`ra, keyinchalik BMT tomonidan ham ushbu kun Xalqaro jurnalistlar birdamligi kuni deb e`lon qilingan.

Bu kun o`z-o`zidan tanlanmagan albatta. Ushbu kun 1943 yil 8 sentyabr kuni Berlinda fashistlar tomonidan qatl qilingan chexoslovakiyalik jurnalist va adabiy tanqidchi Yulius Fuchik xotirasiga bag`ishlab tanlangan. Fuchik Praga qamoqxonasida bo`lgan vaqtida «Dor ostidan reportaj» (Notes from the gallows) kitobini yozgan. Mazkur kitob dunyoning 70 tiliga tarjima qilingan bo`lib, muallif vafotidan so`ng ikki yil o`tib, 1945 yilda ilk bor chop etilgan, etti yil o`tib esa Xalqaro tinchlik sovrini bilan taqdirlangan.

Ma`lumot uchun, Amerika jurnalistlarining eng nufuzli mukofoti hisoblanmish Puliser mukofotining taqdirlash marosimi ham deyarli har yili 8 sentyabrda o`tkaziladi.

    Boshqa yangiliklar