2020 yil 5 sentyabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda “Prokuratura tuxmatlaridan charchadim. Mening biznesim aslida deputat Rasul Kusherbaevga tegishli emish” sarlavhasida qidiruvdagi Yangiyo`llik tadbirkor B.Q.ning murojaati takroran tarqaldi. Bosh prokuratura bu post yuzasidan rasmiy izoh berdi.
Qayd etish kerakki, bundan avvalroq Bosh prokuratura tomonidan ayni shu turdagi, biroq bir muddat oldin qilingan arznoma yuzasidan batafsil o`rganish ishlari o`tkazilgan va bu to`g`risida rasmiy bayonot berilgan.
Davlat geologiya va mineral resurslar qo`mitasi huzuridagi Kon-geologiya faoliyatini nazorat qilish inspeksiyasi tomonidan Yangiyo`l tumanidagi «Qo`sh-yog`och oltin fayz baliqlari» MChJga ajratilgan baliqchilik havzasidan qum-shag`al aralashmasini noqonuniy olib chiqib ketish holati yuzasidan o`tkazilgan tekshirish hujjatlari asosida 24.01.2020 yilda JKning 167-moddasi 3-qismi «a» bandi bilan jinoyat ishi qo`zg`atilib, Yangiyo`l tumani prokuraturasi tomonidan dastlabki tergov o`tkazilgan.
Tergov davomida ushbu jamiyat rahbari J.Z. akasi B.Q. bilan jinoiy til biriktirib, baliqchilik faoliyatini tashkil etish uchun ajratilgan 11,8 gektar er maydonidan 600 mln. so`mlik 57,2 ming kub.metr qum-shag`al aralashmasini qazib olib, tegishli lisenziyaga ega bo`lmasa-da, qonunga zid ravishda sotib yuborib, talon-toroj qilganligi, bu orqali davlatga juda ko`p miqdorda zarar etkazganligi aniqlangan.
Shu sababli J.Z.ga JKning 167-moddasi 3-qismi «a» bandi bilan ayblov e`lon qilinib, ishning unga nisbatan qismi 04.05.2020 yilda jinoyat ishlari bo`yicha Yangiyo`l tuman sudiga yuborilgan.
Ayblanuvchi B.Q.ga esa, tergovdan yashiringanligi sababli qidiruv e`lon qilingan.
Eslatib o`tamiz, jinoyat ishi Bosh prokuraturada o`rganilganda ish bo`yicha deputat R.Kusherbaevga oid biron-bir masala muhokama qilinmaganligi, unga aloqador ma`lumot to`planmaganligi yoki u bilan bog`liq tergov harakatlari o`tkazilmaganligi bayon qilingan.
Bosh prokuratura xodimlari tomonidan J.Z. bilan xolis o`tkazilgan suhbat davomida u tergovda undan R.Kusherbaev haqida hech qanday ma`lumot so`rab-surishtirilmaganligini, u haqida savol berilmaganligini, unga qarshi ko`rsatma berish talabi bilan tazyiq o`tkazilmaganligini bildirgan.
R.Kusherbaev bilan Bosh prokuraturada o`tkazilgan suhbatda bayon etilgan har bir ma`lumot markaziy mahkamaning o`zida ishga aloqador shaxslarni jalb qilgan holda, tegishli hujjatlarni ko`zdan kechirish yo`li bilan to`liq tekshirilgan.






