Bosh davlat sanitariya inspektori Nurmat Otabekov koronavirusni qanday yuqtirib olganini ma`lum qildi.
“Koronavirusga chalinmayman”, deb hech kim kafolat bera olmaydi. Bu haqda O`zbekiston bosh davlat sanitariya inspektori, professor Nurmat Otabekov “Shifobaxshuz” telegram kanaliga bergan intervyusida aytib o`tdi.
Suhbat chog`ida Nurmat Otabekov koronavirusni qanday qilib yuqtirib olganini ma`lum qildi.
“Men to`rt oy badaliga o`zimni ehtiyot qildim. Respublika sanitariya-epidemiologiya osoyishtaligi agentligi binosida bevosita faoliyat yuritganimiz bois, qolaversa, u erda bir necha o`nlab kasallikka chalingan xodimlar ro`yxatga olinganligi tufayli, muloqot orqali kasallikni yuqtirib oldim. O`z salomatligimga e`tiborsizlik qilmasdan, hushyor bo`lganligim sababli kasallik boshlanish davridayoq aniqlandi. Bu esa o`z yo`lida jiddiy asoratlarsiz davolanib ketish imkoniyatini berdi. Shuning uchun biz hammamiz o`z sog`lig`imizga mas`uliyat bilan yondashishimiz kerak deb o`ylayman”, – dedi professor.
Bosh davlat sanitariya inspektorining alohida ta`kidlashicha, atrofda shunday kasallik qo`zg`atuvchisi bor ekan, “kasallikka chalinmayman” deb hech kim kafolat bera olmaydi.
“Shunday ekan kimki bu dardga chalingan bo`lsa, hammasi shifo topishiga umidvorman va shunday niyat qilib qolaman. Faqat bu kasallikni engish uchun odamda ichki bir ishonch, xohish, intilish va iroda bo`lishi kerak. Qachonki odam tushkunlikka tushar, g`amga botar va kurashmas ekan ushbu shaxs mazkur kasallikdan engilishi mumkin. Shuning uchun yaxshi, ijobiy kayfiyatning hukm surishi, to`yimli ovqatlanish, tuzalib ketishga bo`lgan intilish va xohishning mavjudligi – kasallikdan ellik foiz tuzalishga imkoniyat yaratildi degani. Negaki, men shifoxonada davolanish paytida kasallikni enga olmay, tushkunlikka tushib, harakat qilmasdan, intilmasdan, kasallik oldida ojizligini ko`rsatib, tibbiyot xodimlarining tavsiyalariga quloq tutmasdan ahvoli og`irlashib qolgan, hatto hayotdan ko`z yumgan odamlarni ham ko`rdim”, – dedi mutaxassis.
Avvalroq, Nurmat Otabekov koronavirusdan davolanib chiqqanidan so`ng o`zida kechirgan holatlar haqida ma`lumot bergan edi.






