IIV YHXBB ayol kishi YPX xodimining bodikamerasi va "jezl" tayoqchasini olib qo`ygani haqida xabar berdi.
Qayd etilishicha, Navoiy viloyati, Navoiy shahar hududida xizmat olib borayotgan YPX xodimi "Matiz" rusumli transport vositasini to`xtatib tekshirgan vaqtida, haydovchining transport vositasini boshqarish uchun haydovchilik guvohnomasi yo`qligi ma`lum bo`lgan.
YPX xodimi haydovchiga nisbatan tegishli tartibda ma`muriy bayonnoma rasmiylashtirib, transport vositasini vaqtincha saqlash uchun jarima maydonchasiga olib ketgan. Haydovchi bozorlik qilganligini aytib, yo`l-yo`lakay yashash manziliga mahsulotlarni tashlab chiqishini so`ragan. YPX xodimi odamgarchilik yuzasidan rozi bo`lgan.
Haydovchi yashash manziliga kirib, opasi bilan qaytib chiqqan va jarima maydonchasiga o`zi emas opasi borishligini aytgan. YPX xodimi haydovchining o`zi borishini so`ragan, ammo opasi transport vositasining old o`rindig`iga chiqib olgan.
YPX xodimi avtomobilda harakatlanib ketayotgan vaqtida haydovchining opasi sababsiz baqir-chaqir qilib, to`satdan avtomashina rulini burib yuborgan.
Xodim transport vositasini to`xtatgan. Ayol YPX xodimining bodikamerasi va jezl tayoqchasini olib boshqa transport vositasiga o`tirgan va yo`l-yo`lakay bodikamera tugmalarini bosib, o`chirishga uringan. Bodikamera esa ishlashda davom etgan. YPX xodimi ayolni jaxl ustida ekanligini ko`rgan va ko`chada tortishmasdan, holat yuzasidan belgilangan tartibda bildirgi orqali viloyat IIB boshlig`i nomiga murojaat qilgan.
Ayol esa biroz vaqt o`tib, olib ketgan bodikamerasi va jezl tayoqchasini ko`tarib viloyat IIB YHXB boshlig`i qabuliga kelgan.
Ayni vaqtda mazkur holat yuzasidan Navoiy shahar prokuraturasi tomonidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.






