AsosiyJamiyat

Toshkentdagi yangi — Yangihayot tumaniga kiritilayotgan hududlar va muassasalar nomi ma`lum qilindi

'Toshkentdagi yangi — Yangihayot tumaniga kiritilayotgan hududlar va muassasalar nomi ma`lum qilindi'ning rasmi

Oliy Majlis Senatining ettinchi yalpi majlisi oldidan Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo`mitasi majlisida Toshkent shahri tarkibida Yangihayot tumanini tashkil etish hamda Toshkent shahri va Toshkent viloyatining chegaralarini o`zgartirish, shuningdek, Namangan viloyatining Namangan shahri tarkibida Davlatobod tumanini tashkil etish to`g`risidagi masalalar ko`rib chiqildi.

Xabaringiz bor, Davlatimiz rahbari joylarda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari, ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning borishi bilan yaqindan tanishish, xalq bilan muloqot qilish maqsadida joriy yilning may oyida Toshkent shahrining Zangiota va Sergeli tumanlariga hamda iyun oyida Namangan viloyatiga tashrif buyurgan edi.

Ushbu tashriflar davomida Toshkent shahri va Namangan viloyatining salohiyatini har tomonlama yuksaltirishga qaratilgan qator yangi g`oyalar ilgari surildi, mas`ullarga tegishli amaliy ko`rsatmalar va vazifalar berildi.

Xususan, Toshkent shahri tarkibida Yangihayot tumanini tashkil etish hamda Toshkent shahri va Toshkent viloyatining chegaralarini o`zgartirish to`g`risidagi masalaga alohida to`xtalish joiz.

O`zbekiston Respublikasi Konstitusiyasining 78-moddasi, “O`zbekiston Respublikasining ma`muriy-hududiy tuzilishi to`g`risida”gi Qonunining 18 va 25 moddalariga muvofiq “Toshkent shahri tarkibida Yangihayot tumanini tashkil etish hamda Toshkent shahri va Toshkent viloyatining chegaralarini o`zgartirish to`g`risida”gi Oliy Majlis Senatining qarori loyihasi ishlab chiqilgan.

Eslatish joizki, Davlatimiz rahbarining 2020 yil may oyida Zangiota va Sergeli tumanlariga tashrifi davomida jamoatchilik vakillari bilan o`tkazilgan uchrashuvda Toshkent shahri tarkibida Yangihayot tumanini tashkil etish to`g`risidagi taklif Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan edi. Ushbu taklif joriy yil iyul oyida Toshkent viloyati va Toshkent shahri aholisi tomonidan qo`llab-quvvatlanib, tegishli masala Xalq deputatlari Toshkent shahar hamda Toshkent viloyati kengashlari tomonidan ma`qullangan.

Yangidan barpo etilayotgan Yangihayot tumaniga Toshkent shahridan 2 ming 131,2 gektar hamda Toshkent viloyatidan 2 ming 288,4 gektar, jami 4 ming 419,6 gektar er maydoni ajratilib, Toshkent viloyati va Toshkent shahri chegaralari muvofiqlashtirilmoqda.

Bu bilan Yangihayot tumanida 115 sanoat korxonasi (shundan 13 ta yirik va 102 ta kichik korxona), 277 xizmat ko`rsatish korxonasi, 1 148,8 gektar qishloq xo`jaligida foydalaniladigan erlar va 388,8 gektar aholi tomorqa erlari bo`lishi nazarda tutilgan.

Qayd etish lozimki, yangi tashkil etilayotgan tuman Toshkent shahar bo`ysunuvidagi tumanlar toifasiga kiritilib, aholisi 147 ming nafarni tashkil etib, shahar aholisining 5,8 foizini qamrab oladi, shuningdek, 47 shtat birligidan iborat tuman hokimligi, vazirlik va idoralarning tuman bo`limlari tashkil etilishi boshqaruv samaradorligi oshishiga xizmat qiladi.

Bundan tashqari, aholi bandligini ta`minlash va turmush sharoitini yaxshilash maqsadida tumanni kompleks rivojlantirish va kelgusida istiqbolini belgilash bo`yicha alohida Dastur ishlab chiqilishi belgilangan.

Yangihayot tumani hududi Toshkent shahridan jami 2 131,2 gektar (shundan Sirg`ali tumanidan 1864,2 gektar va Bektemir tumanidan 267,0 gektar), Toshkent viloyatidan jami 2 288,4 gektar (shundan Zangiota tumanidan 492,0 gektar, Quyi Chirchiq tumanidan 128,7 gektar, Yangiyo`l tumanidan 264,4 gektar va O`rta Chirchiq tumanidan 1403,3 gektar) hisobidan shakllantirilmoqda.

Yangi tuman hududida 30 mahalla fuqarolari yig`ini, 41 ming 266 xonadon, 909 ko`p qavatli uy, 24 maktabgacha ta`lim muassasasi, 21 umumta`lim maktabi, 2 kasb-hunar kolleji, 7 tibbiyot muassasasi va 4 madaniyat markazi ob`ektlari mavjud bo`ladi.

 

    Boshqa yangiliklar