Prezident Shavkat Mirziyoev «Respublika oziq-ovqat sanoatini jadal rivojlantirish hamda aholini sifatli oziq-ovqat mahsulotlari bilan to`laqonli ta`minlashga doir chora-tadbirlar to`g`risida»gi qarorni imzoladi.
Qarorga asosan, «O`zbekoziqovqatxolding» XK tugatiladi. Jarayonni tashkil etish bo`yicha komissiya tuzildi.
Shuningdek, Qishloq xo`jaligi vazirligining Qishloq xo`jaligi mahsulotlarini qayta ishlash va infratuzilmani rivojlantirish boshqarmasi (4ta shtat) negizida boshqaruv xodimlarining cheklangan soni 12ta shtat birligidan iborat Oziq-ovqat sanoatini rivojlantirish bosh boshqarmasi tashkil etildi.
Qishloq xo`jaligi vaziri o`rinbosari – Oziq-ovqat sanoatini rivojlantirish bosh boshqarmasi boshlig`i lavozimi joriy qilindi. Vazirlikka qishloq xo`jaligi vazirligiga oziq-ovqat sanoatini rivojlantirish bo`yicha qo`shimcha vazifalar yuklandi.
Oziq-ovqat sanoatini rivojlantirish maqsadida Qishloq xo`jaligi vazirligining Qishloq xo`jaligini rivojlantirish va oziq-ovqat ta`minoti jamg`armasi mablag`lari hisobidan:
- oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish bo`yicha ilk marotaba tashkil etilayotgan istiqbolli loyihalarning texnik-iqtisodiy asoslanishini tayyorlash bilan bog`liq xarajatlarning 50 foizini, lekin har bir loyiha uchun 100 mln so`mdan ko`p bo`lmagan miqdorda qoplash;
- oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish bo`yicha ilk marotaba tashkil etilayotgan istiqbolli loyihalarning infratuzilmasini ta`minlash bilan bog`liq xarajatlarning 50 foizini, lekin har bir loyiha uchun 100 mln so`mdan ko`p bo`lmagan miqdorda qoplash;
- oziq-ovqat mahsulotlarini etishtirish va ularni chuqur qayta ishlash sohasiga xorijiy ekspertlarni jalb qilish bilan bog`liq xarajatlarning 50 foizini, lekin har bir loyiha uchun 50 mln so`mdan ko`p bo`lmagan miqdorda qoplash belgilandi.
Shu bilan birga, 2021–2023 yillarga mo`ljallangan sanoatbop qishloq xo`jaligi mahsulotlari etishtirishni kengaytirishdasturi shakllantiriladi
Kadrlarga bo`lgan ehtiyojlar asosida 2021/22 o`quv yilidan boshlab, respublika OTMlarining «Oziq-ovqat texnologiyasi» hamda «Qishloq xo`jaligi mahsulotlarini saqlash va dastlabki ishlash texnologiyasi» kabi ta`lim yo`nalishlari bo`yicha bakalavriatning kunduzgi va sirtqi ta`lim shakllariga o`qishga qabul qilishning davlat buyurtmasi parametrlari bosqichma-bosqich oshirib boriladi.