AsosiyJamiyat

Ayrim tumanlarda qo`lda terilgan paxta uchun ustama haq to`lanadi

'Ayrim tumanlarda qo`lda terilgan paxta uchun ustama haq to`lanadi'ning rasmi

“2020 yil paxta hosilini yig`ib-terib olish ishlarini uyushqoqlik bilan tashkil etish chora-tadbirlari to`g`risida”gi Hukumat qarori  (545-son, 08.09.2020 y.) qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.

Qarorga ko`ra, 2020 yilda etishtirilgan paxta xomashyosi yig`im-terimini tashkil etishda:

  •  mashinada terilgan 1 t paxta uchun – 920 000 so`m xizmat haqi to`lash;
  •  qo`lda terilgan 1 kg paxta uchun birinchi terimda –  1000 so`mdan, ikkinchi terimda – 1400 so`mdan kam bo`lmagan mehnat haqi to`lash;
  •  paxta-to`qimachilik klasterlari va kooperasiyalari ushbu narxlardan kam bo`lmagan holda mustaqil narx belgilashlari;
  •  paxta xomashyosi uchun mehnat va xizmat haqini har 5 kunda, zarurat bo`lganda, har kuni to`lash tavsiya etildi.

 

Qarorga muvofiq, ishsiz hamda vaqtinchalik band bo`lmagan aholidan iborat terim otryadlari rahbarlari bilan mavsumiy ishga qabul qilish bo`yicha fuqarolik-huquqiy shartnomalar tuziladi hamda terim otryadlari rahbarlariga paxta xomashyosi yig`im-terimi yakuniga qadar 2 million so`mdan kam bo`lmagan miqdorda mehnat haqi to`lanadi.

Paxta-to`qimachilik klasterlari va kooperasiyalariga paxta xomashyosini terib olishi uchun yillik 16 foiz stavkada (shundan 1 foiz bank marjasi) kredit ajratish maqsadida uch oy muddatda qaytarish sharti bilan “Agrobank” ATB depozitiga 1,3 trillion so`mgacha mablag`lar joylashtiriladi.

Paxta-to`qimachilik klasterlari va kooperasiyalar hamda fermer xo`jaliklari tomonidan xorijdan olib kelinadigan yuqori unumli paxta terish texnikalari, ularning butlovchi buyumlari va ehtiyot qismlari, istisno tariqasida, 2021 yil 1 sentyabrgacha bojxona to`lovlaridan (qo`shilgan qiymat solig`i va bojxona rasmiylashtiruvi yig`imlaridan tashqari) ozod qilinadi va “erkin muomalaga chiqarish” bojxona rejimiga joylashtirilgan sanadan boshlab qo`shilgan qiymat solig`ini 270 kungacha bo`lgan muddatga kechiktirib to`lashga ruxsat beriladi.

Quyidagi tumanlarda qo`lda terilgan har bir kilogramm paxta xomashyosi uchun tavsiya etilgan tarif stavkasiga davlat byudjetining qo`shimcha manbalari hisobidan 200 so`mdan ustama haq to`lanadi:

 

➖ Jizzax, Sirdaryo va Toshkent viloyatlarining barcha tumanlari;

➖ Qoraqalpog`istonning Qonliko`l, Qorao`zak, Kegeyli, Qo`ng`irot, Taxtako`pir, Xo`jayli, Shumanay, Chimboy va Nukus tumanlari;

➖ Qashqadaryo viloyatining Koson, Muborak, Mirishkor, Nishon, Kasbi, Qarshi tumanlari;

➖ Surxondaryo viloyatining Qiziriq, Bandixon, Muzrabot va Sherobod tumanlari.

Qoraqalpog`iston Vazirlar Kengashi, viloyatlar va tumanlar hokimliklari ta`lim, sog`liqni saqlash tashkilotlari va boshqa byudjet tashkilotlari xodimlarini hamda ta`lim muassasalari o`quvchilari va talabalarini paxta xomashyosi yig`im-terimiga jalb qilish holatlarining oldini olish va bunga chek qo`yish yuzasidan shaxsan mas`ul ekanliklari belgilandi.

    Boshqa yangiliklar