«Mening fikrim» veb-portaliga fuqarolardan Avtotransport vositasining sug`urtasi yo`qligi tufayli avtotransport egasiga ma`muriy jarima qo`llagan holda avtotransport vositasini jarima maydoniga qo`yish amaliyotini bekor qilish haqidagi taklif bilan murojaat qilingan va mazkur murojaat portalda 10 000dan ortiq ovoz to`plagan edi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining 8 sentyabr kuni bo`lib o`tgan navbatdagi majlisida ushbu murojaatdan kelib chiqib, Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo`mitasi deputatlari tomonidan qonunchilik tashabbusi huquqi asosida tayyorlangan O`zbekiston Respublikasi Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksining 291-moddasiga tegishli o`zgartishlar kiritishni nazarda tutuvchi qonun loyihasi birinchi o`qishda muhokama qilindi.
Qonun loyihasida transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sug`urta qilish bo`yicha sug`urta polisi yonida bo`lmagan haydovchilar transport vositalarini boshqarganda Davlat yo`l xarakati havfsizligi xizmati xodimlari tomonidan transport vositasini ushlab turishni bekor qilish nazarda tutilmoqda.
Qonun loyihasi muhokama qilinganligi yuzasidan tarqalgan xabarlar noto`g`ri talqin qilinib, ayrim norasmiy sahifalarda “Endi sug`urtangiz yoningizda bo`lmasa, mashinangiz jarima maydoniga qo`yilmaydi. Xabarni tarqatib shopirlarga etkazib qo`yamiz” mazmunidagi izohlar bilan e`lon qilindi.
Ushbu loyiha muhokama qilindi. Lekin, hali amalda kuchga kirgani yo`q, deya ijtimoiy tarmoqdagi xabarlarning noto`g`ri ekanligini ma`lum qildi IIV YHXBB Axborot xizmati.
Ayni vaqtda YPX xodimi sug`urta polisi bo`lmagan yoki muddati o`tgan haydovchining boshqaruvidagi transport vositasini O`zbekiston Respublikasi Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksining 291-moddasi tartibida jarima maydonchasiga vaqtincha saqlash uchun joylashtirish huquqiga ega.
Shu sababli, haydovchilardan tarqatilgan asossiz ma`lumotlarga ishonmasliklarini so`raymiz. Ushbu loyiha yuzasidan ishlab chiqilgan Qonun va uning amalda kuchga kirish muddati rasmiy sahifalarda albatta e`lon qilinadi.
Ma`lumot o`rnida, haydovchilarga qulayliklar yaratish maqsadida masofadan turib, onlayn tarzda transport vositasini jarima maydonchasidan olib chiqish tizimi ishlab chiqilib, ayni vaqtda amalda qo`llanilayotganligini eslatib o`tamiz.
Shuningdek, yo`l harakati qatnashchilariga qulayliklar yaratish, ovoragarchiliklar va ortiqcha harajatlar sarflanishiga chek qo`yish maqsadida, ayni vaqtda IIV YHXBB mas`ullari tomonidan bir necha loyihalar ustida izlanishlar olib borilmoqda.
O`zbekiston Respublikasi IIV YHXBB Axborot xizmati






