1

Koronavirus bilan kasallanishlar soni yana ortmoqda — SSV aholiga murojaat bilan chiqdi

Jamiyat 10.09.2020, 12:53
Koronavirus bilan kasallanishlar soni yana ortmoqda — SSV aholiga murojaat bilan chiqdi

Hozirda bir qator mamlakatlar kabi O`zbekistonda ham koronavirus karantini cheklovlari biroz yumshatilgan. Ammo aholi orasida kasallanish darajasi ortib borayotgani ko`zga tashlanmoqda. Shu munosabat bilan SSV aholigi murojaat bilan chiqdi:

"Bugun dunyoda koronavirus xavfi etib bormagan biror mamlakat qolmadi. Statistik ma`lumotlarga ko`ra, hozirda dunyoda kasallanganlar soni 27 million 700 ming nafardan oshdi. Pandemiyaning ilk bosqichlarida kasallanganlar soni 100 ming nafarga etishi uchun hafta kerak bo`lardi. Hozir esa bu raqam soatlar ichida qayd etilmoqda. 

Yurtimizda sentyabrning ilk kunida 343 nafar bemor qayd etilgan bo`lsa, 9 centyabrda bu ko`rsatkich qariyb 170 nafarga oshdi. Karantin tartiblarining yumshatilishi, bir qancha faoliyat turlariga ruxsat berilishi, shuningdek, maktablarda yangi o`quv yilining boshlanishi munosabati bilan aholi o`rtasida o`zaro muloqotning ko`payishi, o`z navbatida, koronavirus xavfini ham kuchaytiradi.  

Bugun ko`cha, bozor va boshqa jamoat joylarida aksariyat fuqarolarning karantin qoidalariga rioya qilmasdan, beparvolik bilan, o`zaro masofa saqlash va niqob taqish qoidalarini qo`pollik bilan buzish holatlari ko`payib borayotgani juda xavotirli.  

Umumiy ovqatlanish ob`ektlari, tomosha va madaniy-ko`ngilochar ob`ektlar, machitlar, shuningdek, park va istirohat bog`laridagi attraksionlar faoliyatiga qat`iy karantin talablari asosida ruxsat berildi. Jumladan, har bir fuqaro tibbiy niqobda bo`lishi, mijozlar orasida 2 metrlik masofani ta`minlash, shuningdek, ob`ektdagi jihozlarni muntazam dizenfeksiyalash, havo aylanish tizimini zararsizlantirish kabi qat`iy belgilangan sanitariya-gigiena talabalariga rioya etishlari lozim.

Hozirda yurtimizda 2580 nafar bemor koronavirusdan davolanmoqda. Ulardan 235 nafari o`rtacha og`ir, 427 nafari og`ir, 224 nafari esa o`ta og`ir ahvolda yotgani joylarda niqobsiz, masofa saqlamasdan yurgan yurtdoshlarimiz uchun ogohlantirish bo`lishi zarur.  

Hali davosi topilmagan, keyinchalik qanday asoratlar qoldirishi, yuqtirilgandan so`ng yana qaytalanmasligi shubha ostida bo`lgan, qarshisida butun dunyo tibbiyoti ojiz turgan kasallikka qarshi yagona samarali chora hisoblangan sanitariya qoidalariga amal qilmaslik, tibbiyot niqoblarni taqmaslik uchun qanchalik beparvo bo`lish kerak?!

Karantin qoidalari yumshatilgani odamlarni xotirjamlikka emas, aksincha, sergaklikka chorlashi kerak. Chunki endi uyda, ishda, ko`chada, bozorda boshqa odamlar bilan ko`proq yuzma-yuz bo`lishadi.  

Dunyo tajribasida ko`rinmoqdaki, har qanday cheklovdan ko`ra, odamlar orasidagi karantin madaniyati koronavirusni oldini olishda samaraliroq bo`lib qolmoqda. Misol uchun, 33 millionga yaqin aholisi bo`lgan  Malayziyada avgust oyida kasallanish holati 355 nafarni tashkil etgan bo`lsa, sentyabrning dastlabki haftasi davomida bor-yo`g`i 37 nafarni tashkil etgan, xolos. Bunda aholining ongli ravishda hukumat va shifokorlarning tavsiyalarini so`zsiz bajarishi muhim ahamiyat kasb etmoqda. Ularda karantin tugaganiga qaramay jamoat joylarida haliyam masofa saqlash, niqob taqish, maqsadsiz ko`chaga chiqmaslik, katta tadbirlar o`tkazmaslik odatga aylandi.  

Hurmatli vatandoshlar! Prezidentimiz ta`kidlaganlaridek, bundan keyin pandemiya sharoitida yashashga, mehnat qilishga o`rganishimiz shart. Ayni paytda o`z salomatlingizni asrashingiz, avvalo, o`zingiz, so`ngra tibbiyot xodimlari va mamlakatimiz uchun qilgan eng katta xizmatingizdir. Oilangiz va farzandlaringiz hayotiga befarq bo`lmang, yaqinlaringizning dard chekishiga sababchi bo`lib qolmang.  

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1