1

“Mehringizni sezmagan ekanman...”

Mutolaa 21.12.2015, 11:21
“Mehringizni sezmagan ekanman...”

Biz ba`zan o`zgalar tinchligi, gohida o`zimizning osoyishtaligimiz uchun ko`p narsani qalbimizda asraymiz. Quyidagi voqeani so`zlab bergan onaxon esa barchasini farzandining kelajagi uchun yuragida saqlagan...

Saodat xolaning boshiga og`riq kirdi. Ko`zlarini chirt yumib, picha o`tirdi-da, o`rnidan qo`zg`aldi. Gugurt donasini olish uchun qog`oz qutichani paypaslayotgan barmoqlarini titrayotganini ko`rib xo`rligi keldi:

“Oltmishga kirmay Gulsum kampirga o`xshab, kallam liqillab qolaman-ov! Gulsum momo ham saksondan oshgani uchun boshini tuta olmas, menga nima bo`ldi? Momo etim o`stirgan, tag`in sakkiz bolasidan uchtasini o`zi yaqin-yaqinlarda erga qo`ydi. “Mening go`rimga ega bo`lgan bolam-o-o”, degan chog`laridayoq bir jonidan ming tola uzilgandir? U kishining yoshiga, dardiga qaltiroqlik yarashadi. Men-chi?”

U qo`lidagi gugurtga tikilib, jim qoldi.

— Nega kelgandim, o`zi? — so`ng dedi gaz oldida turganidan ajablanib.

“Miyam ham qolmadi. Boshim yorilib ketay deyapti. Aytgancha, achchiq ko`k choy ichmoqchi edim...”

Xola gazga choy qo`ydi-da, oshxonada picha turib, yana xonasiga yo`l oldi.

— Bizni portlab o`lsin dedingizmi? Choynakdagi suv qaynab, to`kilib gazni o`chirib qo`yibdi-ku! Tavba, atay qilasizmi? — bu gaplardan Saodat xola gangib qoldi. Ko`zlarini ocharkan, ovoz uyqusidami, o`ngidami anglolmadi. Boshi qizib, o`zini lohas sezdi. Bu vaqt ichida kelini zarb bilan eshikni ochdi: — Agar hozir hidni bilmay gugurt chaqqanimda bormi, portlab ketardim. Siz jo`rttaga qilasiz. Tag`in kim yomon, men yomon. O`zingiz ayting endi, ayb kimda?

— Ayb menda bolam, menda. Boshim og`riyotgandi. Yotibman-u, ko`zim ilinibdi.

— Ikki piyola choy uchun choynakni og`zi-burnigacha to`ldirish shartmidi? Yarim qilib qo`ysangiz, toshmasdi suvi, — shang`illashdan to`xtamasdi Nozima.

— Shuni sendan yaxshiroq bilsam kerak. Harqalay, sendan bir-ikki ko`ylakni oldin yirtganman. Aytdim-ku, boshim og`riyapti. Xayol olib qochganda... — jahli chiqdi qaynonaning ham. — Men sening bolang emasman-ku! Namuncha baqirmasang?!

Bunga javoban kelin eshikni uning yuziga tarsillatib yopdi.

Saodat xolaning yana miyasi qizigandek bo`ldi.

“Qon bosimim chiqyapti, shekilli”.

O`rnidan qo`zg`almoqchi edi, bo`lmadi. Boshi guvillayapti.

U ba`zan kelinidan juda qattiq xafa bo`lgan chog`larida o`g`liga hammasini aytib bermoqchi bo`ladi. Lekin istamaydi. Aytsa, kimga qiyin bo`ladi, o`g`liga... Ikki o`t orasida qoladi-da.

“Tavba, ungacha ikki kelin tushirib, ro`zg`orini bo`lak qildim. Ular bilan ham oramizdan ola mushuk o`tib turardi. Lekin hech biri Nozima kabi tili zahar, betga chopar emas. Necha bor tarbiyalamoqchi bo`ldim. Nasihat qildim, foydasi yo`q. Xayolida meni dushman deb biladi...”

Shularni o`ylarkan, og`ir uh tortdi ayol.

— Nozima-a-a — o`tirgan joyidan baqirdi xola. — Nozi-i-i.

Hovlidan kelinning “ha-a” degan zaharxanda ovozi keldi.

— Bu yoqqa qara...

Qovog`i ko`zini to`sgudek osilib, eshikdan mo`raladi Nozima:

— Nima deysiz?

— “Gazni o`chirdingiz”, deb choy bermaysanmi, endi? Qon bosimim chiqqanga o`xshaydi. Qutisiga “95” deb yozilgan ko`k choydan damlab ber.

Kelin bir og`iz gapirmay eshikni yopdi. Zum o`tmay, kichkina bolasini ko`tarib, kattasini etaklab kirib keldi:

— Bularga qarang bo`lmasa...

Ikkiga kirayotgan Zarnigor buvisi tomon chopqilladi. Olti oylik Shahzod esa onasining bo`ynidan quchib, bu erda qolishni xohlamayotganini bildirdi. O`g`lining qo`lchalarini yulqib uzarkan, qaynonasiga tutqazgan Nozima to`ng`illadi:

— Ishim qaynab yotganda bularning ham jag`i ochildi. Siz ham asabimni o`ynadingiz.

Saodat xolaning g`azabi qaynadi. Ammo ichiga yutdi. Birozdan so`ng choynak ko`tarib kelgan kelin piyola yo`qligiga parvo ham qilmay chiqib ketdi.

— Buni qo`limga quyib ichamanmi? — baqirdi Saodat xola.

Nozima eshitmadi, yo eshitmaganga oldi. O`n daqiqacha kutgan qaynona o`rnidan turishga majbur bo`ldi. Eshikdan chiqishga ulgurmay Shahzodning jon achchig`ida chinqirganidan yuragi halqumiga keldi.

— Voy o`lmasam, sho`rim qursin — choynakni tortib yuborib, qorni, oyoqlarini kuydirayotgan qaynoq choy ustidan qocholmayotgan nevarasiga ko`zi tushishi bilan Saodat xolaning hushi boshidan uchdi. Uchib kelib, go`dakni ko`tararkan nima qilishini bilmasdi. — Nozima! Nozima dedi-i-m!

— Bolam, bol-a-a-m. Endi nima qilaman? — avvaliga qo`l-oyog`ining qaltirog`ini bosa olmay o`zini yo`qotib qo`ydi Nozima. Keyin ehtiyotlik bilan bolasining kiyimlarini echarkan, qaynonasiga o`shqirdi: — Atay qilyapsizmi? Alamingizni shundan oldingizmi? Go`dak-ku, bu.

Saodat xola indamay eshikka yugurib, avval “Tez yordam”ga, keyin o`g`liga qo`ng`iroq qildi. Kartoshkani qirishga kirishdi. Ichkaridan kelayotgan nevarasining ovozi yuragini achishtirib, yig`lashga tushdi:

— Choy ichmay o`lay. Ishqilib, yomon kuymagan bo`lsin. Endi nima qilamiz-a?

— Tish pastasini olib keling, oyi — ichkaridan baqirdi kelin.

Xola qirilgan kartoshkani ko`tarib chopdi. Nozimaning ham ko`zlari yoshli edi.

— Ma, o`zing qo`y, — qarashga yuragi chidamay uzatdi qaynona.

— Tish pastasi dedim. Jo`rttaga qilasiz, siz. Menda qasdingiz bor, — g`azabini bosolmasdi Nozima.

Saodat xola ortiga burildi. Tish pastasini olib qaytayotganida o`g`li halloslab kirib keldi. Hamon chirillayotgan o`g`liga qarab, Nozimaga baqirdi:

— Qarasang o`lasanmi? Nima qilding?

— Men emas, onangiz. Qarab turing, deb tashlab chiqqandim. O`z bolamni kuydiramanmi, men?!

Qolgan gap Saodat xolaning qulog`iga kirmadi. Devorga suyangancha, ko`zlarini yumdi. Buni o`g`li boshqacha tushundimi, gina qildi:

— Oyi, qarasangiz bo`lmasmidi?

Ular yugurgilab shifoxonaga ketishdi. Saodat xola esa Zarnigorni bag`riga bosdi:

— Buvingga nima bo`ldi, bolam? Men-ku, atay qilmadim. Shahzod axir nevaram-ku!

Uning ko`ngli cho`kdi, dili og`ridi.

“O`zi boshida kelinning fe`lini o`g`limga aytsam bo`larkan. Qishning boshida ikki kun issig`im chiqib yotdi. Bir bor “Nima eysiz? Nima bo`ldi?” deb kirmadi. Kechki payt o`g`lim kelar vaqtga ovqat eyishga zo`rg`a chiqqanimda ham indamadim. Qo`shnilarga chiqib yomonladi. Koshki, ular meni bilishmasa... “Qaynonangiz yaxshi ayol”, deyishganiga chidolmay, men bilan janjallashdi. Qo`l siltadim. “Uydagi bor narsani qizingizning sumkasiga tiqasiz”, deb mehmonga kelgan yolg`izgina qizimni ham mulzam qildi, tishimni tishimga bosdim. Mana oqibat nima bo`ldi? Boshimga chiqdi. Nevaramni atay kuydirgan bo`ldim!”

U o`g`li kelsa, barchasini aytishni ko`ngliga tugdi. Lekin xush kayfiyatda kirib kelgan farzandining dilini xira qilgisi kelmadi. Bor alamini yuragiga berkitdi.

— Terisi sal qizaribdi. Qalin kiyimlari asrabdi, oyi. Issig`iga chidolmay chinqirganda buyam, — dedi o`g`li Shahzodni tutqazib.

— Erkatoyim, toychog`im — ko`zlariga quyilib kelgan yoshni yashira olmay nevarasini bag`riga bosdi xola. — Nozima qani?

— Darvoza oldida qo`shni bilan gaplashib qoldi.

Shu payt qo`shni ayol yugurib keldi:

— Tez qarang, Nozima muzda sirpanib yiqilgandi, turolmayapti...

“Falokat ko`z bilan qovoq orasida”.  Nozimaning oyog`i sinibdi.

— Bir oy umuman oyoq bosmang. Uch oydan so`ng olamiz, — deb shifokor gipslab yuboribdi.

Ro`zg`or yumushi ham, ikki nevara tashvishi ham Saodat xolaning gardaniga tushdi.

— Senga bugun mol oyog`ini qaynatib beraman. Eringga tayinladim. Singan joyga foydasi katta, — deydi xola keliniga.

— Do`xtir “qimirlama”, degan qimirlama. Nima qilging kelsa, o`zimga ayt. Tortinma — tayinlaydi har kuni.

— Bolalarni uxlatdim. Sen ham mizg`ib ol, chug`urlab boshingni og`ritgandir? Kasalga shovqin yoqarmidi? — mehribonlik qiladi tag`in.

Nozima esa kundan kun mahzun tortadi. Oxiri bo`lmadimi, “yorildi”:

— Oyi... sizni ko`p xafa qilganman-a? Bunchalik mehribonligingizni bilmagan ekanman...

— Ro`zg`orda bo`ladi-da, bolam. Sen o`g`limning ortidan kelgan bolamsan. Mehr bermay, qahr qilaymi? — parvo qilmaslikka urindi Saodat xola. Biroq yuragi tubida saqlab kelayotgan iztiroblari bosh ko`targandek bo`ldi. Xola yana ichiga yutdi: “Mana, u tushunib etyapti-ku. Shuning o`zi katta gap. Eski gapni qo`zg`ab nimaga ham erishaman?!”

Nargiza USANBOEVA

 

 

 

  

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1