1

Navoiyda muqaddas kitob ichiga giyohvand modda yashirgan imom-xatib haqidagi xabarga O`zbekiston musulmonlar idorasi munosabat bildirdi

Jamiyat 10.09.2020, 14:04
Navoiyda muqaddas kitob ichiga giyohvand modda yashirgan imom-xatib haqidagi xabarga O`zbekiston musulmonlar idorasi munosabat bildirdi

Shu kunlarda ayrim ijtimoiy tarmoqlar tomonidan “Navoiy viloyatida Qur`oni karim kitobi ichiga giyohvand modda yashirgan imom-xatib (ayrim manbalarda “mulla”) qo`lga olindi” degan xabar tarqatildi.

O`zbekiston musulmonlari idorasi ushbu holatni tezkorlik bilan o`rganib, mazkur qo`lga olingan shaxs Diniy idora tizimida mutlaqo ishlamasligi to`g`risida tegishli ommaviy axborot vositalari va internet manbalari mas`ullariga xabar berildi. Shundan keyin “imom-xatib”, “mulla” so`zlari “shaxs”, deb qayta tahrir qilindi.

Ta`kidlash zarurki, so`nggi vaqtlarda ijtimoiy tarmoqlarda ayrim noxushliklarni muborak Islom dini, masjid yoki imom-domlalarga bog`lash holatlari kuzatilmoqda, bu ish gunoh hisoblanadi.

Jinoyat qilgan odamning har qanday holatda ham dinga bo`lgan munosabatini oldingi sahnaga olib chiqilmaslik kerak. Bu odam jinoyat qilgan bo`lsa, qonuniy jazosini oldi. Biroq har qanday imkoniyatdan foydalanish ilinjida masjid yo imomni yomonotliq qilishga urinish og`ir gunoh. Har bir ijodkor mazkur mavzularda so`z yuritar ekan, tasavvurida Alloh taolo va Uning Rasuli, Islom dini qadr-qimmati paydo bo`lsa, so`z aytish mas`uliyatini yanada teranroq anglaydi.

O`z navbatida qat`iy ta`kidlaymizki, giyohvand moddalarni sotish, etkazib berish bilan shug`ullanayotgan yoki iste`mol qilayotganlar ko`zlarini ochsinlar. Avvalo Alloh taolo oldida javob berishini unutmasin. Besh kunlik hayotda arzimagan sariq chaqaga uchib, harom yo`l bilan pul topib, gunoh ishlarni qilib oxiratdagi abadiy rohatdan benasib qolishdan ehtiyot bo`lsin. Yomon ish jazosiz qolmaydi, ertaga, albatta, qonun oldida javob beradi. Unday insonlar hayotda zor, oxiratda esa xor bo`ladi.

 Ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi sharifda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday deydilar: “Har bir mast qiluvchi narsa xamrdir va har qanday mast qiluvchi haromdir”, deb qat`iy ta`kidlaganlar (Imom Muslim rivoyati). Bu hadisga asosan giyohvandlikning har qanday ko`rinishi harom hisoblanadi.

So`zimiz yakunida, OAV vakillari, jurnalistlar, sayt muxbirlari, ijtimoiy tarmoqlar yurituvchilari va blogerlarni muborak Islom dini, Diniy idora, masjidlar, ulamolar va imom-domlalar bilan bog`liq bo`lgan har qanday xabarlarni yoritishda yaqindan hamkorlik qilishga chaqiramiz.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1