Chirchiq shahrida joylashgan Toshkent viloyati yuqumli kasalliklari shifoxonasi bosh shifokori, Toshkent viloyati bosh infeksionisti Guljahon Yo`ldosheva 8 sentyabr kuni hibsga olingan. Bu haqda Kun.uz BBC News O’zbek’ga tayanib xabar bermoqda.
Guljahon Yo‘ldoshevaning singlisi Shahlo Yo‘ldosheva bu maʼlumotni tasdiqladi, ammo ayni vaqtda G.Yo‘ldoshevaga qanday ayblov qo‘yilganini bilmasligini, opasi koronavirusga chalinib davolanganini, hibs etilishidan bir kun oldin shifoxonadan chiqqanini, sog‘ligi hali to‘liq tiklanmaganini, hibsga olinishi natijasida ikki va uch yoshli farzandlari onasidan ajratilganini aytib berdi.
Shahlo Yo`ldosheva opasiga nisbatan 250 million so`mlik mablag`ni talon-toroj qilish bo`yicha ayblov qo`yilayotganini aytgan.
Jumladan, Guljahon Yo`ldosheva o`zi boshchilik qilgan kasalxona birinchilardan bo`lib koronavirusga chalingan bemorlarni qabul qilgani, iyul oyi o`rtasidan shifoxona og`ir ahvoldagi bemorlar bilan to`lgani, o`lim holatlari kuzatilgani, biroq shunga qaramay, viloyat tibbiyot boshqarmasi tomonidan ushbu kasalxonada koronavirus bemorlari davolanayotgani tan olinmagani haqida so`zlagan edi.
Keyinroq, bu masalada viloyat sog`liqni saqlash boshqarmasi boshlig`i To`raqul Arziqulov munosabat bildirib, Chirchiqdagi shifoxona COVID-19’ni davolashga ixtisoslashmaganini, G.Yo`ldosheva asossiz ma`lumotlar tarqatayotganini aytgandi. Biroq mazkur kasalxona SOVID-19ga chalinganlarni davolagani va og`ir pandemik vaziyatda kerakli tibbiy texnika bilan ta`minlanmagani borasida aytilgan iddaolarga etarlicha izoh bermagan edi.
Ma`lumotlarga ko`ra Guljahon Yo`ldosheva 2018 yil sentyabrdan buyon Toshkent viloyati yuqumli kasalliklari shifoxonasi bosh shifokori, Toshkent viloyati bosh infeksionisti lavozimida ishlab keladi. 6 nafar farzandning onasi, farzandlarining kichigi shu yilning 20 sentyabrida ikki yoshga to`ladi.